
Полная версия
Қуёш барибир чиқаверади
– Ahvol chatoq-ku.
– Chatog‘am gapmi? Ikki yarim yil vaqtimni unga sarfladim. Endi menga birov uylanish-uylanmasligi dargumon. Bundan ikki yil avval o‘sha yoqda, Kannda xohlagan kishiga turmushga chiqishim mumkin edi. Vazmingina, zebo ayollarni istab qolgan qariyalarning ko‘pi izimdan yurardi. Endi birortasini ham topolmasam kerak.
– Qo‘ysangiz-chi, siz hozir ham istagan kishingizga turmushga chiqishingiz mumkin.
– Yo‘q, topolmasam kerak. Buning ustiga uni sevaman. Undan bola ko‘rmoqchiydim. Doim farzandli bo‘lamiz, deb o‘ylardim. U samimiy ko‘zlarini menga tikdi. – O‘zim bolalarni unchalik yoqtirmasdim-u, ammo hecham farzandim bo‘lmasligini o‘ylagim kelmasdi. Bola ko‘rganimdan keyin ularni sevib qolaman, deb o‘ylardim.
– Uning farzandlari bor.
– Ha, bor. Uning bolalari ham bor, pullari ham bor, badavlat onasi ham bor, kitob ham yozgan, men-chi, yozganlarimni hech kim, birorta odam bosib chiqarishni istamayapti. Yozganlarim esa unchalik yomon emas. Umuman pulim ham yo‘q. Nafaqa undirib olishim mumkin edi-yu, biroq taloq xatimni iloji boricha tezroq qo‘lga kiritmoqchiydim-da. – U yana samimiyat bilan menga qarab qo‘ydi. – Bu haqsizlik bo‘lardi. Bir tomondan olib qaraganda, o‘zim aybdorman. Lekin baribir ko‘p jihatdan emas. Albatta, bu sohada aqlliroq bo‘lishim kerak edi. Konga bu haqda og‘iz ochsam, diy-diyo qilib, menga uylanolmasligini aytadi. Nega uylanolmas ekan? Yaxshi xotin bo‘lardim. Men bilan kelishib yashash oson. Unga xalaqit bermasdim.
– Xunuk voqea bo‘libdi.
– Ha, xunuk voqea. Lekin endi gapirishning foydasi yo‘q. Yuring, «Selekt»ga qaytamiz.
– O‘zingiz tushunib turgan bo‘lsangiz kerak, sizga bu masalada yordam berish qo‘limdan kelmaydi.
– Ha, yordam berolmaysiz. Faqat unga mening gaplarimni aytib qo‘ymang. Robert nima istayotganini bilaman. Shunda u birinchi marta quvnoq chehrasiga mayuslik tortib dedi: – U Nyu-Yorkka yolg‘iz o‘zi qaytib borishni, kitobi chop etilgach, qizlar orasida shuhrat qozonishni istayapti. U shuni xohlayapti.
– U shuhrat qozonmasligi ham mumkin. Keyin, menimcha, judayam shuhratparast emas. Jiddiy yigit.
– Siz uni menchalik bilmaysiz, Jeyk. U xuddi shuni istayapti. Men buni bilaman. Juda yaxshi bilaman. Xuddi shuni deb menga uylanishni istamayapti. Kuzda shon-shuhrati ne’matlaridan yolg‘iz o‘zi lazzatlanmoqchi.
– «Selekt»ga qaytamizmi?
– Ha, ketdik.
O‘rnimizdan turib – stolga hech nima olib kelib qo‘yishmagandi – ko‘chani kesib o‘tdik-da, «Selekt» kafesiga kirdik. Kon marmar stol yonida bizni jilmayib kutib o‘tirardi.
– Xo‘sh, nimadan xursand bo‘lyapsan? – so‘radi undan Frensis. – Bu olamdagi hamma narsadan mamnun ko‘rinasan?
– Jeyk bilan pichir-pichir qilayotganing kulgimni qistatdi.
– O, Jeykga aytganlarim sir emas. Yaqin orada bundan hamma xabardor bo‘ladi. Men faqat buni Jeykga silliqlab aytmoqchi bo‘luvdim.
– Nimani? Angliyaga jo‘nab ketmoqchi bo‘layotganingnimi?
– Ha, Angliyaga jo‘nab ketayotganimni. Ha-ya, Jeyk! Buni sizga aytishni unutibman. Men Angliyaga ketyapman.
– Juda yaxshi bo‘libdi-da.
– Ha, boadab doiradagilar hamma vaqt shunaqa qilishadi. Robert meni Angliyaga jo‘natyapti. U menga ikki yuz funt beradi va men do‘stlarim huzuriga mehmondorchilikka jo‘nab ketaman. Juda ajoyib ish bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Aytgandek, do‘stlarim hali bu haqda hech nima bilishmaydi.
U Konga o‘girilib kulib qo‘ydi. Robert endi jilmaymasdi.
– Menga atigi yuz funt bermoqchiyding, to‘g‘rimi, Robert? Lekin uni ikki yuz berishga majbur qildim. U judayam saxiy. To‘g‘rimi, Robert?
Bunaqa dahshatli gaplarning Robert Konga aytilayotganiga aqlim bovar qilmasdi. Haqorat so‘zlarni yuziga aytib bo‘lmaydigan odamlar bor. Agar ularning betiga bunaqa so‘zlar aytilsa, tom ma’nosi bilan yer yoriladi-yu, chohga tushib ketayotgandek his qilishadi o‘zlarini. Ammo Kon bo‘lsa bu gaplarni churq etmay eshitib o‘tirardi. Mana shu voqea ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotganiga qaramay, Frensisni gapdan to‘xtatib qolishga maylim yo‘q edi. Lekin bu hali holva ekan.
– Shu gaplarni aytgani uyalmaysanmi, Frensis? – uni to‘xtatmoqchi bo‘lib dedi Kon.
– Yana so‘raydi-ya! Men Angliyaga jo‘nayapman. Do‘stlarimnikiga mehmondorchilikka ketyapman. Sizga ko‘zi uchib turmagan do‘stlaringiznikida hech mehmon bo‘lganmisiz? O, meni har qalay qabul qilishdan o‘zga choralari qolmaydi. «Ahvollaringiz qalay, azizam? Necha yildan beri diydor ko‘rishmadik-a! Muhtarama onangiz baquvvatmilar?» Ha, aytgandek, muhtarama onamizning ahvollari qalay edi? Ular bor-yo‘q mablag‘larini fransuz harbiy zayomiga qo‘ygandilar. Ha, ha. Bu olamda ul kishidan boshqa hech kim bunday qilmagan bo‘lsa kerak. «Robertning ahvoli qalay?» Yana shunga o‘xshagan betakalluf savollar berishadi. «Ehtiyot bo‘ling, u haqda og‘iz ochmang, azizim. Bechora Frensis judayam ko‘p azob chekkan». Qalay, Robert, shu kulgili ishmi? Sizningcha-chi, Jeyk, kulgilimi shu?
Frensis o‘ziga xos g‘oyat mayin tabassumi bilan menga o‘girildi. Gapiga quloq tutadigan odam topilganidan nihoyatda mamnun edi.
– Sen nima qilasan, Robert? Bilaman, o‘zim aybdorman. Hammasiga o‘zim aybdorman. Anavi qizchadan, jurnalning kotibasidan seni voz kechishga majbur qilganimda, vaqti kelib mendan ham voz kechishingni oldindan bilishim kerak edi. Bu voqeani Jeyk bilmaydi. Unga aytib beraymi?
– Xudo haqi, ovozingni o‘chir, Frensis.
– Yo‘q, unga hammasini aytib beraman. Tahririyatda Robertning kotibasi bor edi. U kishini chindanam maftun qiladigan qizcha bo‘lib, Robert uni g‘oyat go‘zal hisoblardi, lekin keyinchalik men paydo bo‘lib qoldim-u, shunda u meni ham barkamol go‘zallar ahliga qo‘shdi. Shunday qilib, men Robertni undan voz kechishga majbur qildim, u esa tahririyat ko‘chayotgan vaqtda qizchani Karmeldan Provinstaunga olib keldi va hatto unga qaytib ketish yo‘lkirasini ham to‘lamadi. Ko‘nglimni ovlash uchun shunday qildi. O‘shanda u meni jozibali ayol deb bilgandi. To‘g‘rimi, Robert?
Behuda xayollarga bormang, Jeyk, u kotibasi bilan mutlaqo ma’naviy munosabatda edi. Hatto ma’naviy bo‘lmasligi ham mumkin. Buning ahamiyati yo‘q. Ajabtovur yoqimtoy qiz edi-da. Robert esa ko‘nglimni ovlash uchun shunday qildi. Nima ham derdim, kimki birovga choh qazisa, o‘zi yiqiladi. Haq gap, to‘g‘rimi? Navbatdagi kitobing uchun bu so‘zlarni yodda tutishni maslahat beraman, Robert. Xabaringiz bormi, Robert yangi kitobi uchun manba to‘playapti. Shunaqami, Robert? Mana shuni deb Robert meni tashlab ketyapti. Uning fikricha, men tasvirbop emasmishman. Bilasizmi, shuncha paytgacha birga yashabmiz-u, Robert o‘z kitobi bilan band bo‘lib ketib, oramizdagi munosabatlar haqida hech narsani eslab qololmabdi. Mana endi u yangi material to‘plash uchun jo‘nab ketyapti. Ha mayli, haddan tashqari qiziq biror narsaga duch kelib qolishidan umidvorman.
Quloq sol, azizim Robert. Senga bir gap aytmoqchiman. Jahling chiqmaydimi? Yuragingdan urgan ayollar bilan hech qachon janjallashma. Shunga harakat qil. Chunki sen janjallashishni bilmaysan. Keyin hecham yig‘lama, yig‘lagan paytingda g‘ariblarga o‘xshab ketasan, raqibingning gaplarini eslab qololmaysan. Birorta so‘zini ham eslab qololmaysan. Hecham hayajonlanma. Bilaman, bu juda qiyin. Lekin yodingda bo‘lsin: bu adabiyot manfaati uchun kerak. Biz hammamiz adabiyot manfaati yo‘lida qurbonlar berishimiz kerak. Mana, masalan, meni olib ko‘ring. Men Angliyaga jo‘nab ketyapman, bunga e’tiroz bildirayotganim yo‘q. Adabiyot manfaatini ko‘zlab. Yosh yozuvchilarga yordam berish hammamizning burchimiz. To‘g‘ri emasmi, Jeyk? Ammo siz yosh yozuvchi emassiz. Sen-chi, Robert? Yoshing o‘ttiz to‘rtda. Aytgandek, buyuk yozuvchi uchun bu unchalik katta yosh emas. Gardini eslang. Anatol Fransni eslang. U yaqinginada vafot etdi. Ammo Robert Anatol Fransni shunchaki, bir o‘rtamiyona yozuvchi, deb hisoblaydi. Buni unga fransuz do‘stlari aytishgan. O‘zi fransuzchani yaxshi o‘qiyolmaydi. U senchalik talantli emasdi, to‘g‘rimi, Robert? Seningcha, unga ham yangi materiallar to‘plash uchun jo‘nab ketishga to‘g‘ri kelganmikan? Ma’shuqalariga uylanishni istamaganda, ularga, sening-cha, nima deganiykin? Qiziq, uyam yig‘laganmikan? Eh, miyamga bir fikr kelib qoldi! U qo‘lqopi bilan labiga urib qo‘ydi. – Menga uylanmasligining chin sababini endi bildim, Jeyk. Hozir miyamga kelib qoldi. «Selekt» kafesida ko‘zim moshdek ochildi. Haqiqatdan qanchalar yiroq, to‘g‘rimi? Vaqti kelib bu yerga taxtacha qoqib qo‘yiladi. Xuddi Lurddagi kabi. Aytaveraymi, Robert? Bo‘lmasa, quloq sol. Bu juda oson. Agar bilgilaring kelsa, Robert hamma vaqt xushtori bo‘lishni xohlardi, bas, menga uylanishni istamayotgan ekan, demak, uning xushtori bor ekan-da. «Bilasizlarmi, ikki yildan ko‘p vaqt mobaynida o‘sha xonim Robertning xushtori bo‘lgan». Tushunyapsizmi? Qalay fikrim? Agar u doim va’da qilib kelganidek, menga uylansa – unda har qanday ishqiy sarguzashtlarga chek qo‘yilgan bo‘lardi. Qoyilmaqom xulosa, to‘g‘rimi? O‘zi ham xuddi shunday. Robertga bir qarang-da, noto‘g‘ri, deb ko‘ring-chi! Qayoqqa ketyapsiz, Jeyk?
– Barga kirib, Xarvi Stoun bilan uchrashmoqchi edim.
Barga kirib ketayotganimda Kon boshini ko‘tarib qaradi. Uning rangi bo‘zarib ketgandi. Bu yerda nega o‘tiribdi? Nega bu gaplarni eshitib toqati toq bo‘lmayapti?
Men peshtaxtaga suyanib deraza orqali ularni kuzatib turdim. Frensis o‘zining mayin tabassumi bilan «To‘g‘rimi, Robert?», deb so‘rayotgandek, uning yuziga tikilib hamon so‘zlamoqda edi. Balki endi so‘ramayotgandir. Balki biror boshqacha gapni aytayotgandir. Mayxonachiga hech nima ichmasligimni aytib, boshqa eshikdan ko‘chaga chiqdim. Chiqayotib, ortimga o‘girilib qo‘shderazadan qaradim-u, yana ularga ko‘zim tushdi. Frensis hamon gapirmoqda edi. Men tor ko‘cha bo‘ylab Raspay xiyoboniga yetib oldim. Yonimdan o‘tayotgan taksini to‘xtatib o‘tirdimda, haydovchiga uyimning manzilini aytdim.
Yettinchi bob
Zinapoyadan ko‘tarilayotgandim, xizmatchi ayol o‘z hujrasining oynavand eshigini taqillatdi. Men to‘xtagandim, oldimga chiqib bir qancha xat, telegrammani uzatdi.
– Mana, pochtadan keltirib berishdi. Yana sizni izlab bir ayol keluvdi.
– Tashrifnomasini qoldirdimi?
– Yo‘q, yonida bir janob ham bor edi. Anavi, tunda kelgan ayol-da. Bilasizmi, u judayam lobar ekan.
– Tanishlarimdan birontasi bilan birga keldimi?
– Bilmadim. Yonidagi janob hecham bu yerda bo‘lmagandi. Baland bo‘yli. Juda, judayam baland. Ayol esa lobar. Juda, judayam lobar. Tunda u andakkina… Xizmatchi boshini ushlab chayqalib qo‘ydi. – Sizga ochig‘ini aytaman, janobi Barns. Tunda u menga bunchalik lobar tuyilmagandi. Tunda u haqida boshqacha fikrda edim. Lekin menga ishoning, u nihoyatda lobar ayol. U nihoyatda yaxshi oilada tarbiyalangan. Bu shundoqqina ko‘rinib turibdi.
– Ular biror nima deb qo‘yishni iltimos qilishdimi?
– Ha. Bir soatdan keyin kelamiz, deyishdi.
– Kelishsa, yuqoriga taklif qiling.
– Xo‘p bo‘ladi, janobi Barns. Bu ayol anuvnaqalardan emas. Biroz tantiqrog‘-u, ammo anuvnaqalardan emas.
Xizmatchi menga yollanmasdan avval Parij ippodromida suv do‘koniga ega edi. Uning mehnatdagi hayoti o‘sha davrada o‘tgan bo‘lsa ham, minbarlarda o‘tirgan tomoshabinlarni o‘rganib chiqishga bu yumushi xalaqit berolmagan. Shuning uchun ham u kechqurunlari huzurimga kelganlarning qay biri tarbiya ko‘rgan-u, qaysinisi yaxshi oiladan ekanini, kim sport bilan shug‘ullanishini menga faxr bilan bildirib qo‘yardi. Birgina noqulaylik shundan iborat ediki, bu toifadagilarning birortasiga mansub bo‘lmagan odamlar men yo‘g‘imda uyga kelishga botina olmasdi. Dyuzinel xonimga na yaxshi tarbiyalangan, na yaxshi oiladan, na sportchi bo‘lib tuyilmagan, ko‘rinishidan boquvining mazasi bo‘lmagan rassom do‘stlarimdan biri kechqurunlari huzurimga kelish istagi tug‘ilib qolgan taqdirda xizmatchi ayol yonidan bemalol o‘tib olishi uchun ruxsatnoma yozib berishni iltimos qilib xat yo‘llabdi.
Bret xizmatchimni nimasi bilan bunchalik maftun etganini o‘ylab xonamga chiqdim. Telegramma Bill Gortondan ekan, u «Fransiya» kemasida kelayotganini xabar qilibdi. Xat va telegrammani stol ustiga qo‘yib, vannaxonaga kirdim-da, dushda cho‘milib oldim. Artinayotganimda tashqi eshikdagi qo‘ng‘iroq jiringlab qoldi. Xalat va shippagimni kiyib eshikni ochdim. Bret ekan. Ortida graf turibdi. Qo‘lida bir dasta atirgul.
– Salom, azizim! – dedi Bret. – Bizni qabul qilish istagingiz bormi?
– Marhamat. Hozirgina cho‘milib chiquvdim.
– Manavi baxtli odamni qarang – cho‘milib ham olibdi.
– Faqat dushda cho‘mildim. O‘tiring, graf Mippipopulo. Qaysinisidan ichamiz?
– Sizning gullarga qanchalik ishqiboz ekaningizni bilmadim-u, janob, – dedi graf. – Ammo mana bu atirgullarni olib kelishga jur’at etdim.
– Menga bering, – Bret guldastani oldi. – Jeyk, mana bunga suv quyib keling.
Oshxonaga chiqib sopol ko‘zaga suv quyib keldim. Bret atirgullarni unga solib stolning o‘rtasiga qo‘ydi.
– Rosa ajoyib kun bo‘ldi-da!
– Eslolmaysizmi, biz «Kriyton»da uchrashishga va’dalashmaganmidik?
– Yo‘q. Nahotki, va’dalashgan bo‘lsak? Demak, g‘irt mast bo‘lgan ekanman-da.
– Kayfingiz oshib qolgandi, azizam, – dedi graf.
– Ha. Graf nihoyatda hotamtoylik qilvoruvdi.
– Xizmatchim endi sizdan nihoyatda mamnun bo‘lyapti.
– Shunaqayam bo‘lmasin-chi. Unga ikki yuz frank berdim.
– Tentaklik qilibsiz.
– O‘zimdanmas, uniki, – dedi u grafga ishora qilib.
– Kecha tundagi besaranjomlik qilganimiz haqiga unga biron nima bermoqchi bo‘ldim. Anchayin bemahalda keluvdik.
– U g‘aroyib yigit, – dedi Bret. – Qayerda nima voqea bo‘lganini doimo yodida tutadi.
– Xuddi siz kabi, azizam!
– Xomxayollik qilyapsiz, – dedi Bret. – Buni kimga ham keragi bor? Menga qarang, Jeyk, ichishga biron nima berasizmi-yo‘qmi?
– Kiyinib chiqqunimcha o‘zingiz olaqoling. Qayerda nima borligini o‘zingiz bilasiz-ku.
– Bilsam kerak.
Kiyinar ekanman, Bretning stolga sifon bilan stakanlarni qo‘ygani, keyin bir nimalar deyishgani qulog‘imga chalindi. Karavotga o‘tirib olib shoshilmay kiyindim. Ancha toliqqanimni, ko‘nglim g‘ashligini his etdim. Qo‘lida stakan bilan xonaga Bret kirib kelib, karavotga o‘tirdi.
– Senga nima bo‘ldi, jonim? Kayfiyating yo‘qmi?
U peshonamdan o‘pib qo‘ydi.
– Eh, Bret, seni qanchalik sevishimni bilsang edi.
– Jonginam, – dedi u. Keyin so‘radi: – Hoziroq chiqib uni jo‘natib yuboraymi?
– Yo‘q. U xushfe’l yigit ekan.
– Men chiqib jo‘natib yuboraman.
– Yo‘q, kerakmas.
– Ha, ha, jo‘natib yuboraman.
– To‘satdan bunday qilish yaramaydi.
– Mumkin emas, seningcha, shundaymi? Shu yerda o‘tiratur. Meni o‘lgudek yaxshi ko‘radi, gapimga ishonaver.
U xonadan chiqib ketdi. Karavotga muk tushib yotib oldim. Ularning gapi eshitilib turardi-yu, lekin quloq solmadim. Bret kirib karavotga o‘tirdi.
– Jonginam, nochorginam! – u boshimni siladi.
– Unga nima deding? – Men orqamni o‘girib yotardim. Ko‘rgani hushim yo‘q edi.
– Shampan olib kelishga yubordim. U shampan xarid qilishni yaxshi ko‘radi. – Birozdan keyin so‘radi: – Endi tuzukmisan, jonim? Bosh og‘rig‘ing qoldimi?
– Qoldi.
– Bemalol yotaver. U shaharning narigi chekkasiga ketgan.
– Birga yashashimiz mumkinmasmi, Bret? Shunchaki, birga yashashimiz mumkin emasmi?
– Mumkin emas. Ha deganda xiyonat qilgan bo‘lardim. Sen bunga chidash berolmasding-da.
– Hozir chidab yuribman-ku.
– Bu boshqa masala. Bunga o‘zim aybdorman, Jeyk. Shunaqa bo‘lib tug‘ilgan ekanman.
– Ikkovlashib vaqtincha shahar tashqarisiga chiqib ketmaymizmi?
– Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Istasang, ketaveramiz. Ammo shahar tashqarisida xotirjam yasholmayman. Hatto sevgilim bilan ham.
– Bilaman.
– Bu – dahshat. Menimcha, seni qanchalik sevishimni o‘zingga aytmasam ham bo‘ladi.
– Seni sevishim o‘zingga ham ma’lum.
– Ke, qo‘y. Hammasi bekorchi gaplar. Ertaga jo‘nab ketyapman, buning ustiga Maykl ham qaytib kelyapti.
– Nega jo‘nab ketyapsan?
– Sengayam-mengayam shunisi ma’qul. Qachon jo‘naysan?
– Iloji boricha tezroq.
– Qayerga?
– San-Sebastyanga.
– Birga ketsak bo‘lmaydimi?
– Yo‘q. Hozirgina hammasini muhokama qilib bo‘lganimizdan keyin bu ish borib turgan vahshiylik bo‘lardi.
– Biz hali biror bitimga kelganimiz yo‘q.
– O‘zing mendan ko‘ra yaxshi bilasan-ku! Qaysarlik qilma, jonginam.
– Ha, albatta, – dedim men. – Bu masalada haq ekaningni bilaman. Shunchaki, hozir o‘zimni lohas sezyapman, lohas paytimda ahmoqona gaplarni aytaveraman.
Egilib karavot yonidagi tufligimni topib kiydim. Keyin o‘rnimdan turdim.
– Menga bunaqa qilib qaramagin, jonginam.
– Qanaqa qarashimni xohlagan bo‘larding?
– Jizzaki bo‘lma. Ertaga jo‘nab ketyapman.
– Ertaga-ya?
– Ha. Nahotki senga aytmagan bo‘lsam? Ertaga.
– Bo‘lmasa bir ichishaylik. Graf hozir qaytib keladi.
– Ha, qaytadigan vaqti bo‘lib qoldi. Bilasanmi, shampan sotib olishning piri hisoblanadi. Bu uning uchun eng muhim yumush.
Biz oshxonaga o‘tdik. Bir shisha konyak olib o‘zim bilan Bretga quydim. Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Borib ochdim – graf qaytib kelibdi. Orqasida bir savat shampan ko‘tarib haydovchi turibdi.
– Buni qayerga qo‘yay, janob? – so‘radi graf.
– Oshxonaga, – javob berdi Bret.
– O‘sha yerga qo‘ying, Anri, – qo‘li bilan ko‘rsatdi graf. – Endi pastga tushib muzni olib keling. Savatni joyiga qo‘yguncha graf oshxonaning eshigi yonida turib Bretning ortidan qarab qoldi. – Sizga vino yoqsa kerak, – dedi u. – Hozir bizda, Amerikada yaxshi vino onda-sonda ichilishini bilaman, o‘zimni bu sohaning bilimdoni hisoblamayman. Ammo buni vino tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan og‘aynimdan oldim.
– Hamma joyda og‘aynilaringiz bor-a, – dedi Bret.
– Og‘aynimning uzumzori bor. Ming akr4.
– Familiyasi nima? – so‘radi Bret. – Beva Kliko emasmi?
– Yo‘q, – javob berdi graf. – Mumm. U baron.
– Juda soz, – dedi Bret. – Hammamiz unvonli ekanmiz. Nega sizning unvoningiz yo‘q, Jeyk?
– Sizni ishontirib aytaman-ki, janob, – dedi graf yengimdan ushlab, – unvonning hech qanday nafi yo‘q. Ko‘pincha unvon katta pulga keladi.
– Unchalik bo‘lmasa kerak. Unvonning ancha qulayligi bor.
– Menga biror marta ham foyda bermagan.
– Siz undan foydalanishni bilmaysiz. Unvonim hamma vaqt menga katta qarz olishimga imkon beradi.
– Marhamat, o‘tiring, graf, – dedim men. – Hassangizni menga bering.
Graf gaz chirog‘i bilan yoritilgan stolning narigi tomonidagi Bretga qarab qo‘ydi. U sigaret chekib, kulini gilamga tushirardi.
– Menga qarang, Jeyk, – dedi buni sezib qolganimni ko‘rib, – bunaqada gilamingizning rasvosini chiqarib yuboraman. Bundoq, kuldon olib kelsangiz-chi!
Bir nechta kuldonni olib kelib stol ustiga qo‘ydim. Haydovchi tuz sepilgan muzli chelakni olib kirdi.
– Ikkita shishani muzlatib bering, Anri! – dedi graf.
– Boshqa hech narsa buyurmaydilarmi?
– Yo‘q, pastda mashinada kutib turing. U Bret bilan menga yuzlandi. – Bulon o‘rmoniga tushlik qilgani boramiz-a?
– O‘zingizga havola, – dedi Bret. – Shaxsan mening ovqatlangim kelmayapti.
– Men bo‘lsam, xushta’m ovqatdan hech qachon voz kechmagan bo‘lardim, – dedi graf.
– Vinoni keltiraymi, janob? – so‘radi haydovchi.
– Ha, Anri, olib keling, – dedi graf. U cho‘chqa terisidan ishlangan qalin portsigarini cho‘ntagidan olib menga uzatdi. – Haqiqiy amerika sigarasidan. Chekib ko‘rmaysizmi?
– Rahmat, sigaretimni chekib tamomlay, – dedim men. – U sigaraning uchini soatining zanjiriga osib qo‘yilgan tilla keskich bilan qirqib tashladi.
– Sigaraning tortimli bo‘lishini yaxshi ko‘raman, – dedi graf. – Agar qirqib tashlamasang, sigaraning yarmiga kelganda tortmay qo‘yadi.
U sigarasini tutatib chekdi-da, Bretga yuzlandi:
– Ledi Eshli, taloq xatingizni olganingizdan keyin sizda unvon bo‘lmaydi.
– Ha, bo‘lmaydi. Afsuski bo‘lmaydi.
– Aslida, – dedi graf, – sizga unvonning hojati yo‘q. Shundog‘am asil zotligingiz ko‘rinib turibdi.
– Minnatdorman. Siz juda muruvvatlisiz-da.
– Hazillashayotganim yo‘q. – Graf og‘zidan pag‘apag‘a tutun chiqardi. – Sizdagi oliynasablikni boshqa hech kimda ko‘rmagandim. Sizda hamma fazilatlar mujassam. Tamom-vassalom.
– Samimiyatingiz uchun minnatdorman, – dedi Bret. – Onam buni eshitsalar, boshlari osmonga yetgan bo‘lardi. Balki shu so‘zlaringizni yozib bersangiz, onamga yuborgan bo‘larmidim?
– Unga ham aytgan bo‘lardim, – javob berdi graf. – Hazillashayotganim yo‘q. Hech qachon men odamlar ustidan kulmayman, odamlar ustidan kulish – o‘zingga dushman orttirish, demak. Doim shunaqa deyman.
– Siz haqsiz, – dedi Bret. – Nihoyatda haq gapni aytdingiz. Men doimo odamlar ustidan kulganim sababli ham bu olamda birorta do‘stim yo‘q. Mana bu Jeykdan boshqa.
– Uni mazax qilmasangiz kerak.
– Albatta.
– Kim biladi, balki uni ham mazax qilarsiz? – so‘radi graf.
Bret menga qaragan edi, ko‘zlarining chetiga ajinlar yig‘ilib qoldi.
– Yo‘q, – dedi u. – Jeykning ustidan kulmagan bo‘lardim.
– Mana, ko‘ryapsizmi, – dedi graf. – Hammaning ustidan kulavermaysiz.
– E, Xudoyim-e, buncha zerikarli suhbat bo‘lyapti, – dedi Bret. – Shampandan totib ko‘rmaymizmi?
Graf egilib yaltiroq chelakdagi shishani chayqatdi.
– Hali me’yorida muzlagani yo‘q. Nuqul ichavermang, azizam. Nega shunchaki gaplashib o‘tirishni istamaysiz?
– Shundog‘am ezmalik qilib yubordim. Ichimdagi borini Jeykka to‘kib soldim.
– Azizam, chinakam gapingizni eshitishni istardim. Men bilan gaplashayotganingizda siz hatto jumlani ham poyoniga yetkazmaysiz.
– O‘zingizga yakunlash imkoniyatini beraman-da. Har bir kishi o‘z bilganicha yakunlayversin.
– Bu juda g‘alati usul. – Graf egilib shishani chayqatdi. – Baribir gaplaringizni eshitishni xohlardim.
– Voy tentag-ey, rostdanmi? – so‘radi Bret.
– Mana, endi sovugan bo‘lsa kerak, – dedi graf chelakdan shishani olib.
Sochiq keltirib berdim, u shishani yaxshilab artdi-da, baland ko‘tarib qaradi.
– Katta shishadagi shampandan ichishni yoqtiraman-da. Ta’mi yaxshi-yu, ammo sovutish qiyinroq bo‘ladi. – U shishani ushlab tikilib qoldi.
Stakanlarni stolga qo‘ydim.
– Ochaqolmaysizmi? – sabrsizlik bilan dedi Bret.
– Hozir ochaman, azizam.
Shampan juda ajoyib ekan.
– Mana buni vino desa bo‘ladi! – Bret qo‘lidagi stakanni baland ko‘tardi. – Biron narsaga ichishimiz kerak. «Janobi oliylarining salomatliklari uchun».
– Bu vino qadah tutib so‘zlashga zo‘rlik qiladi, azizam. His-tuyg‘uni bunaqa vinoga aralashtirish yaramaydi. Ta’mi yo‘qoladi.
Bretning stakani bo‘shab qolgandi.
– Siz vinolar haqida kitob yozsangiz bo‘larkan, graf, – dedim men.
– Janobi Barns, – javoban dedi graf, – vinodan men ko‘radigan manfaat – ichganimda lazzat topishim, xolos.
– Qani, yana ozgina lazzatlanaylik. – Bret stakanini tutdi. Graf ehtiyotkorlik bilan stakanni to‘ldirdi.
– Marhamat, azizam. Sekin ichib lazzatlaning, keyin mast bo‘lguncha ichish mumkin.
– Nima-a? Mast bo‘lguncha-ya?
– Azizam, ichganingiz sari dilbarlashib ketasiz-da.
– Eshityapsizmi, gapini?
– Janobi Barns, – graf stakanimni to‘ldirdi. – Bu xonim umrim bino bo‘lib men tanigan jononlar orasida kayfli chog‘ida ham xuddi hushyor paytidagidek dilbar bo‘ladigan yagona ayol hisoblanadi.
– Umringizda ko‘p narsani ko‘rmaganga o‘xshaysiz.
– Yanglishasiz, azizam. Men umrimda ko‘p narsani ko‘rganman, juda-juda ko‘p narsani.
– Vinoni ichib jimgina o‘tiring, – dedi Bret. – Hammamiz ham hayotimizda ko‘p narsalarni ko‘rganmiz. Jeyk ham sizdan kam ko‘rmaganiga imonim komil.
– Janobi Barnsning, azizam, ko‘pni ko‘rganiga ishonaman. Janob, men boshqacha fikrda emasman. Ammo men ham ko‘pni ko‘rganman.
– Albatta, ko‘rgansiz, – dedi Bret. – Shunchaki hazillashuvdim-da.
– Men yettita urushda, to‘rtta revolyutsiyada qatnashganman, – dedi graf.
– Urushda bo‘lganmisiz? – so‘radi Bret.
– Shunaqa bo‘lgandi, azizam. Kamon o‘qidan yaralanganman. Kamon o‘qidan jarohatlangan badanni ko‘rganmisizlar?
– Ko‘rsating-chi.
Graf o‘rnidan turib nimchasining tugmalarini yechdi-da, ko‘ylagining oldini ochdi. U ichko‘ylakni bo‘ynigacha ko‘tarib qop-qora ko‘kragi va gazli chiroq nurida bo‘rtib ko‘ringan qorin mushaklarini namoyish qildi.
– Ko‘ryapsizlarmi?
Qovurg‘alarining pastida ikkita oppoq bo‘rtmacha bor ekan.
– Orqamdagi o‘q teshib chiqqan joylarga ham qaranglar, – belining sal yuqorirog‘ida xuddi boyagidek ikkita chandiq bor edi.
– Qoyil! Mana buni jarohat desa bo‘ladi.
– O‘q teshib o‘tibdi-ya!
Graf ko‘ylagining barini shimi ichiga tiqdi.
– Sizni qayerda bunaqa g‘alvir qilishuvdi? – so‘radim men.
– Efiopiyada. O‘shanda yigirma bir yoshda edim.