
Полная версия
Қуёш барибир чиқаверади
– Nima qilib yuruvdingiz? – so‘radi Bret. – Armiyada xizmatda edingizmi?
– Yumush bilan boruvdim, azizam.
– Bu odam ham o‘zimizdan, deb sizga aytgandim-ku, – dedi menga yuzlanib Bret. – Sizni sevaman, graf. Siz g‘aroyib odamsiz.
– Baxtiyorman, azizam. Faqat yolg‘on aytyapsiz.
– Tentaklik qilmang.
– Bilasizmi, janobi Barns, juda ko‘p voqealarni boshimdan kechirganim uchun ham, endilikda hamma yaxshi narsalardan lazzatlanishim mumkin. Fikrimga qo‘shilasizmi?
– Albatta. Butunlay qo‘shilaman.
– Bilaman, – dedi graf. – Hamma sir mana shunda. Asl boylikni topib olish kerak.
– Sizning boyligingizga hecham bir nima bo‘lmaganmi? – so‘radi Bret.
– Yo‘q. Endi bo‘lmaydi.
– Hech oshiq bo‘lganmisiz?
– Hamma vaqt oshiq-u beqarorman, – dedi graf. – Men hamisha sevgi bilan yashayman.
– Sevgingiz boyligingizda qanday aks etadi?
– Buyam mening boyligimga kiradi.
– Sizda hech qanaqa boylik yo‘q. Siz o‘liksiz – boshqa hech nima emas.
– Yo‘q, azizam. Yanglishasiz. Men mutlaqo o‘lik emasman.
Biz uch shisha shampan ichganimizdan so‘ng graf savatni oshxonamda qoldirib o‘rnidan turdi. Keyin Bulon o‘rmonidagi restoranlarning birida tushlik qildik. Yaxshigina ovqatlandik. Ovqatlanish graf saxovatining faxrli bir namoyishi edi. Xuddi vino kabi. Tushlik paytida graf nihoyatda ochilib, xushchaqchaq o‘tirdi. Bret ham. Oqshom ham ko‘ngilli o‘tdi.
– Qayerga borishni istaysizlar? – so‘radi graf ovqatlanib bo‘lganimizdan so‘ng. Restoranda bizdan boshqa hech kim qolmagandi. Ikkala ofitsiant ham eshikka suyanib turishardi. Uyga ketishni istashardi.
– Monmartrga borish mumkin, – dedi Bret. – Kunni xushnudlik bilan rosa yaxshi o‘tkazdik, to‘g‘rimi?
Graf jilmayib qo‘ydi. U g‘oyatda mamnun edi.
– Ikkalangiz ham lobar ekansiz, – dedi u. Graf yana sigara chekmoqda edi. – Nega turmush qurib qo‘yaqolmaysizlar?
– Biz o‘z holimizcha yashashni istaymiz, – dedim men.
– Bir-birimizning martabamizga ziyon yetishini istamaymiz, – dedi Bret. – Qani, turinglar. Bu yerdan ketaylik.
– Konyakdan yana ichinglar, – dedi graf.
– O‘sha joyda ichamiz.
– Yo‘q. Hozir ichamiz, bu yer tinch ekan.
– Tinchingizni boshimga uramanmi? – dedi Bret. – Doimo tinchligini o‘ylaydigan bu qanaqa erkaklar ekan?
– Siz, azizam, shovqin-suronni yoqtirgandek, biz sokinlikni sevamiz, – dedi graf.
– Ha, mayli, – dedi Bret. – Shu yerda ichaqolaylik.
– Garson! – chaqirdi graf.
– Nima buyuradilar?
– Sizlarda qadimgi konyaklardan bormi?
– Ming sakkiz yuz o‘n birinchi yilgi konyak bor, janob.
– Bir shisha keltiring.
– Qoyil-e! Oshirib yubordi. Ofitsiantni qaytaring, Jeyk.
– Quloq soling, azizam. Qadimgi konyak o‘z bahosi bilan menga barcha antiqa buyumlarimdan ham qimmatroq hisoblanadi.
– Antiqa buyumlaringiz ko‘pmi?
– Bir uy to‘la.
Nihoyat, Monmartrga jo‘nab ketdik. Zellining kafesi gavjum, tutun bosib ketgan, sershovqin edi. Musiqa sadosi quloqni qomatga keltirardi. Bret bilan raqs tushdik. Odam tirbandligidan biz zo‘rg‘a qimirlardik. Habash-barabanchi Bretga qo‘lini silkib qo‘ydi. Biz tiqilinch orasiga tushib qolib, bir joyda – xuddi barabanchining ro‘parasida g‘imirlab turardik.
– Ahvollar qalay?
– A’lo.
– Bu – yaxshi.
Oppoq tishlari yarqirab ketdi.
– U mening eng yaqin do‘stim, – dedi Bret. – Ajoyib barabanchi.
Musiqa tugab, biz graf band etgan stol yoniga borib o‘tirdik. Keyin yana kuy yangrab, raqsga tushib ketdik. Grafga qarab qo‘ydim. U stol yonida o‘tirib sigara chekmoqda edi. Yana musiqa to‘xtadi.
– Grafning yoniga boraylik.
Bret endi stol tomon yurgandi, shu payt yana musiqa chalindi-yu, biz olomon orasida yana raqsga tusha ketdik.
– Raqs tushishni bilmas ekansan, Jeyk. Hammadan ko‘ra Maykl yaxshi tushadi. – Ha, u raqsga usta.
– Umuman, Mayklning fazilatlari ko‘p.
– U menga yoqadi, – dedim. – G‘oyatda yaxshi ko‘raman uni.
– Shuning uchun ham unga turmushga chiqaman-da, – dedi Bret. – Qiziq, butun hafta mobaynida u haqda o‘ylamabman-a!
– Nima, Mayklga xat yozmaysanmi?
– Yo‘q, hecham xat yozmayman.
– Lekin u xat yozib tursa kerak, albatta?
– Ha-da! Xatlari shunaqayam samimiyki…
– To‘y qachon bo‘ladi?
– Men qayoqdan bilay? Taloq xatimni olishim bilan bo‘ladi-da. Maykl onasini saxiylik bilan to‘y o‘tkazishga ko‘ndiryapti.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
1
Musiqa asbobi.
2
Xo‘p bo‘ladi, janob (fr.).
3
Bu qanday baxtsizlik (ital.).
4
Akr – 4047 kvadrat metrga teng yer o‘lchovi.