
Полная версия
Қуёш барибир чиқаверади
– Ketdik, – dedi u.
Biz gavjum xonaga kirdik: Breddoks va boshqa erkaklar o‘rinlaridan turishdi.
– Sizlarga qaylig‘im mademuazel Jorjet Leblanni tanishtirishga ijozat bergaysizlar, – dedim men.
Jorjet o‘zining jozibador tabassumi bilan jilmayib qo‘ydi-da, hamma bilan birma-bir ko‘rishib chiqdi.
– Ayting-chi, siz ashulachi Jorjet Leblanning qarindoshi emasmisiz? – so‘radi Breddoks xonim.
– Bunaqa odamni tanimayman, – javob berdi Jorjet.
– Lekin ism-familiyangiz o‘xshash-ku, – dedi muloyimlik bilan Breddoks xonim.
– Yo‘q, sirayam o‘xshamaydi, – dedi Jorjet. – Mening familiyam Xoben.
– Axir, janobi Barns sizni mademauzel Jorjet Leblan, deb tanishtirdi-ku! Boshqachami? – fransuzcha gapirib qo‘yib, so‘zining ma’nosini yaxshi tushunmaganidan hayajonlanib so‘radi Breddoks xonim.
– U tentak-da, – dedi Jorjet.
– E-e, shunaqami, demak, hazil ekan-da, – dedi Breddoks xonim.
– Ha, – dedi Jorjet. – Kulgi bo‘lsin uchun aytuvdi.
– Eshityapsanmi, Genri? – deb qichqirdi Breddoks xonim stolning narigi tomonida o‘tirgan eriga. – Janobi Barns o‘zining qaylig‘ini mademuazel Lablen deb tanishtirgandi, aslida Xoben ekan.
– Bilaman, xonim! Mademauzel Xoben bilan ko‘pdan beri tanishman.
– Menga ayting-chi, mademauzel Xoben, – dedi Frensis Klayn xuddi Breddoks xonimdek rostdan ham fransuzcha gaplasha olishidan na faxrlanish va na hayratlanish hissini sezmay, fransuzcha so‘zlarni juda tez talaffuz qilarkan, – ko‘pdan beri Parijdamisiz? Bu yer sizga yoqadimi? Parijni albatta yoqtirasiz, shundaymi?
– Bunisi kim bo‘ldi? – so‘radi menga o‘girilib Jorjet. – U bilan gaplashaveraymi?
U qo‘llarini qovushtirib, uzun bo‘ynidagi boshini adl tutib, yana gapirishga chog‘langan labini cho‘chchaytirib jilmayib o‘tirgan Frensis tomon o‘girilib oldi.
– Yo‘q, Parijni yoqtirmayman. Bu yer qimmatchilik, haddan tashqari iflos.
– E, nimalar deyapsiz? Menimcha, Parij g‘oyatda ozoda shahar. Yevropadagi eng orasta shaharlardan biri.
– Menimcha, iflos.
– Juda g‘alati-ya! Siz, balki yaqindan beri yashayotgan bo‘lsangiz kerak bu yerda?
– Anchadan beri yashayman.
– Lekin bu yerda ajoyib odamlar bor. Buni rad etolmaysiz.
Jorjet menga o‘girilib dedi:
– Qoyilmaqom do‘stlaring bor ekan.
Salgina mast bo‘lgan Frensis suhbatni davom ettirmoqchi bo‘luvdi, ammo stolga qahva keltirib qolishdi, Lavin esa likyor olib keldi. Keyin hammamiz ko‘chaga chiqib Breddokslar tilga olgan dansingga jo‘nab ketdik.
Panteon yonidagi «Bal Musette» dansing ekan. Haftada besh kun kechqurunlari bu yerda shu tuman ishchilari raqs tushisharkan, yana bir kuni esa bino dansingga aylantirilarkan. Dushanba kuni kechqurun yopiq bo‘larkan. Biz yetib borganimizda dansingda eshik oldida o‘tirgan politsiyachi, rux qoplangan peshtaxta ortida turgan beka va dansing egasidan boshqa hech kim yo‘q edi. Ichkariga kirishimiz bilan yuqori qavatdan xo‘jayinning qizi tushdi. Xonada bir necha stol va uzun o‘rindiqlar bo‘lib, narigi burchak raqs tushadigan maydoncha edi.
– Afsus, juda kech to‘planishadi-da, – dedi Breddoks.
Xo‘jayinning qizi yonimizga kelib nima olib kelib berishini so‘radi. Xo‘jayin maydoncha yonidagi baland kursiga o‘tirib olib, garmon chala boshladi. To‘pig‘iga qo‘ng‘iroqchalar boylangan bo‘lib, dam-badam oyog‘ini silkib, kuy ohangiga jo‘r qilib jiringlatib qo‘yardi. Hamma raqsga tushib ketdi. Xona isib dim bo‘ldi. Biz terlab-pishib stol yoniga qaytdik.
– Voy, Xudoyim-e! – dedi Jorjet. – Terga botib ketdim-a!
– Issiqmi?
– Haddan tashqari issiq.
– Shlyapangni yechib qo‘yaqol.
– Ha-ya.
Jorjetni raqsga taklif qilishdi, men peshtaxta yoniga bordim. Rostdan ham issiq edi. Akkordeon kechki dim havoda yoqimli kuy taratardi. Eshik oldida turib, bir finjon pivo ichdim, ko‘chadan salqin shabada ufurmoqda edi. Qiyalama ko‘chadan ikkita mashina tushib keldi. Ikkala taksi dansing yonida to‘xtadi. Mashinalardan jemper kiygan va kamzulsiz yoshlar tushishdi. Eshikdan tushib turgan yorug‘da ularning qo‘llariga va yaqinginada yuvilgan jingalak sochlariga ko‘zim tushdi. Eshik yonida turgan politsay menga qarab kulib qo‘ydi. Ular qo‘llarini siltab, aftlarini burishtirib valaqlashib kirib kelishganda elektr yorug‘ida oppoq qo‘llarini, jingalak sochlarini, oqish yuzlarini ko‘rdim. Bret ular bilan birga edi. U haddan tashqari go‘zal bo‘lib, o‘zini xuddi eski ulfatlari davrasida yurgandek his qilardi.
– Mana bunisi ajoyib, – dedi Jorjetga ko‘zi tushib qolgan yoshlardan biri. – G‘irt suyuqoyoqning o‘zi. U bilan bir raqsga tushib ko‘ray. Lett, tomosha qilishing mumkin.
– Iltimos, hushingni yig‘ib ol, – dedi Lett ismli bo‘ydor, qora soch yigit.
– Xavotir olma, mening baxtim, – javob berdi jingalaksoch malla. Bret ham o‘shalar bilan birga edi.
Jahlim chiqib ketdi. Nimagadir ular nuqul g‘azabimni qo‘zg‘atishardi. Ularni o‘yinqaroq yoshlar qatoriga qo‘shishlarini, ularga nisbatan muruvvatli bo‘lish lozimligini bilardim-u, biroq tantiqnamo bezbetliklari uchun kayfiyatlarini buzish uchungina birortasini, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kaltaklagim kelardi. Buning o‘rniga ko‘chaga chiqib, qo‘shni dansingning barida bir finjon pivo ichdim. Pivo badxo‘r ekan, ustidan konyak ichgandim, u ham beshbattar lohas qildi. Dansingga qaytib kelganimda maydoncha juft-juft yoshlar bilan gavjumlashib qolgandi. Jorjet esa bo‘ydor malla bilan raqs tushmoqda edi. Malla belini mayishtirib, boshini bir yonga qiyshaytirib, ko‘zini olaytirib raqs tushardi. Raqs tugab ikkinchisi boshlanishi bilan Jorjetni yana taklif qilishdi. Ular Jorjetni o‘z ulfatlariga qo‘shib olishgandi. Endi ular ning hammasi u bilan raqs tushishini bilardim. Ular hamma vaqt shunaqa qilishadi.
Stolning yoniga borib o‘tirdim. Kon ham o‘tirgan ekan, Frensis raqs tushayotgandi. Breddoks xonim kimnidir boshlab keldi-da, Robert Prentis, deb bizga tanishtirdi. U asli chikagolik bo‘lib, Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi umidli yozuvchi ekan. Yengil inglizcha talaffuzda gapirarkan. Men unga biror nima ichishni taklif etdim.
– Minnatdorman, hozirgina ichuvdim, – dedi u.
– Yana ichaqoling.
– Mayli, ichaqolay.
Biz mademauzel Lavinni imlab chaqirdik-da, bir stakandan suv aralashtirilgan konyak keltirishni buyurdik.
– Eshitishimcha, siz Kanzas-Sitidan ekansiz-a? – so‘radi u.
– Ha.
– Sizga Parij yoqadimi?
– Ha.
– Rostdanmi?
Biroz kayfim bor edi. Unchalik mast emasdim-u, lekin betakalluf gaplashish uchun yetarli edi.
– Xudo haqi, rost, – dedim men.
– Sizga-chi?
– Siz qult etib jahlingizni yutishga usta ekansiz, – dedi u. – Men ham shunday xislat egasi bo‘lishni istardim.
Men o‘rnimdan turib raqs tushayotganlar tomon yurdim, Breddoks xonim ham ortimdan ergashdi.
– Robertdan o‘pkalamang, – dedi u, – u hali go‘dakku.
– Hecham o‘pkalayotganim yo‘q, – dedim men, – shunchaki u ko‘nglimni aynitib yuboradi, deb cho‘chigandim.
– Qaylig‘ingiz hammani o‘ziga rom qilib qo‘ydi, – dedi Breddoks xonim Lett ismli novcha qorasoch yigit quchog‘ida raqs tushayotgan Jorjetga imo qilib.
– Rostdanam-a? – so‘radim men.
– Shak-shubhasiz, – dedi Breddoks xonim.
Yonimizga Kon keldi.
– Yuring, Jeyk, qittay-qittay qilamiz, – dedi u. Biz peshtaxta tomon yurdik. – Sizga nima bo‘ldi? Ko‘rinishingizdan nimadandir ranjiganga o‘xshaysiz.
– Hecham xafamasman. Shunchaki, bularning hammasi jonimga tegdi.
Peshtaxta yoniga Bret yaqinlashdi.
– Hello, do‘stlar.
– Hello, Bret, – dedim men, – nega mast emassiz?
– Endi hech qachon mast bo‘lguncha ichmayman. Sodali konyakdan bersalaring-chi odamga.
Bret peshtaxta yonida stakan ko‘tarib turardi. Robert Konning unga tikilib turganini ko‘rib qoldim. Uning vatandoshi xuddi ona-Vataniga mahliyo bo‘lgandek unga tikilib qolgan bo‘lsa ajab emas. Kon, albatta, ancha yosh edi. Lekin uning boqishi o‘sha besabr, talabchan orziqishni ifodalardi.
Yoqasi yopiq jemper, movut yubka kiyib olgan, sochi xuddi bolalarniki kabi kalta qirqilgan Bret g‘oyat go‘zal edi. Egnidagi jemperi nihoyatda go‘zal qaddi-qomatiga quyib qo‘ygandek yarashgandi.
– Ajoyib davraga tushib qolibsiz, Bret, – dedim men.
– Rostdan ham tengsiz yigitlar-a? O‘zingiz-chi, azizim! Uni qayerdan ilashtira qoldingiz?
– «Napoliten» kafesida.
– Oqshomni ko‘ngilli o‘tkazdinglarmi?
– A’lo darajada, – dedim men.
Bret kulib qo‘ydi.
– Yaxshi ish qilmadingiz, Jeyk. Hammamizga tarsaki tushirgandek bo‘ldingiz. Qarang-a, Frensis bilan Djo ham shu yerda ekan-a?
– Kon uchun buni ataylab uyushtirdik.
– Suv yo‘g‘ida tayammum ekan-da, – dedi Bret. U yana kulib qo‘ydi.
– Siz ajabtovur hushyorsiz-a, Bret, – dedim men.
– Ha, g‘alati-ya, to‘g‘rimi? Men tushib qolgan bunaqa davrada hech narsadan hayiqmay ichish mumkin.
Musiqa chalingach, Robert Kon unga murojaat qildi:
– Sizni raqsga taklif etishga ruxsat bering, ledi Bret.
Bret unga jilmayib qo‘ydi.
– Bu safar Jeykob bilan raqs tushishga va’da berib qo‘yuvdim, – dedi u kulib. – Almisoqdan qolgan ismingiz bor-a, Jeyk.
– Keyingi raqsni-chi? – so‘radi Kon.
– Biz hozir ketamiz, – dedi Bret. – Monmartrga borishni mo‘ljallab qo‘yganmiz.
Raqsga tushayotganimda Kon peshtaxta yonida hamon qizga tikilib turganini ko‘rdim.
– Yana bitta xushtor orttirdingiz, – dedim unga.
– Shunaqaga o‘xshaydi. Bechora bolakay. O‘zim ham hozirgina sezib qoldim.
– Qo‘ysangiz-chi, – dedim men. – Bundaylarni ko‘paytirish sizga yoqadi-ku!
– Bo‘lmagan gap.
– Albatta, yoqadi.
– Xo‘sh, agar yoqqanda-chi?
– Har qalay, so‘radim-da, – dedim men.
Biz kimdir chalib yuborgan banjo1 bilan akkordeon ohangiga raqs tushardik. Zal dim bo‘lishiga qaramay, o‘zimni yaxshi his qilardim. Boyagi davradagi yigitcha bilan raqs tushayotgan Jorjetga urilib ketishimizga sal qoldi.
– Nega endi uni olib keldingiz?
– Bilmadim, shunchaki.
– Maftun bo‘ldim deng?
– Yo‘q. Shunchaki ko‘ngil xushi.
– Hoziram-a?
– Ha, endi zerikmayapman-da.
– Bu yerdan ketaylik. Jorjetni zeriktirib qo‘yishmaydi.
– Rostdan ham shuni istaysanmi?
– O‘zim taklif etgandan keyin, istayman-da.
Biz maydonchani tark etdik. Men paltomni kiyim ilgichdan olib kiydim. Bret peshtaxta yonida turgandi. Kon unga bir nimalar deyapti. Peshtaxta oldiga kelib, konvert so‘radim. Cho‘ntagimdan ellik frankli pulni olib, konvertga joyladim-da, yelimlab bekaga uzatdim.
– Men bilan kelgan qiz agar meni surishtirib qolsa, marhamat qilib mana shuni berib qo‘ysangiz, – dedim men. – Agar yoshlardan birortasi bilan ketib qolsa, buni saqlab qo‘yasiz, o‘zim olaman.
– C’est etendu, mohsiunr2, – dedi beka. – Nima, ketyapsizmi? Hali erta-ku?
– Ha, ketyapmiz, – dedim.
Biz eshik tomon yurdik. Kon hamon Bretga nimanidir uqtirardi. U Robert bilan xayrlashib, meni qo‘ltiqlab oldi.
– Xayrli tun, Kon, – dedim men. Ko‘chaga chiqib, taksi axtara boshladik.
– Ellik frankingiz qulog‘ini ushlab ketdi, – dedi Bret.
– Ha, qo‘yavering.
– Birorta taksi ko‘rinmaydi-ya.
– Panteongacha piyoda borib, o‘sha yerda taksi yollash mumkin.
– Qo‘shni barga kirib, taksiga odam yuboramiz-da, ungacha o‘zimiz ozginadan ichib olamiz.
– Hatto ko‘chani piyoda kesib o‘tishni ham istamaysiz-a.
– Iloji topilsa mashinada o‘tgan yaxshi-ya.
Biz eng yaqin barga kirdik va men ofitsiantni taksi olib kelishga yubordim.
– Mana, ulardan qochib qutuldik ham, – dedim men.
Bir rux qoplangan baland peshtaxta yonida churq etmay bir-birimizga tikilib turardik. Ofitsiant qaytib kelib, taksi kutayotganini aytdi. Bret qo‘limni mahkam qisib qo‘ydi. Ofitsiantga bir frank berib ko‘chaga chiqdik.
– Qayoqqa haydasin? – so‘radim men.
– Istagan tomoniga haydayversin.
Haydovchiga Monsuri bog‘iga haydashni buyurib, eshikni yopdim. Bret ko‘zlarini yumib burchakka tiqilib oldi. Men yoniga o‘tirdim. Mashina bir siltanib yurib ketdi.
– Eh, azizim, shunaqayam baxtiqaroman-ki! – dedi Bret.
To‘rtinchi bob
Mashina tepaga ko‘tarilib, yop-yorug‘ maydonni kesib o‘tdi-da, keyin yana yuqoriga o‘rmaladi, so‘ng qorong‘ilik qo‘yniga kirib, Sent-Etyen-dyu-Mon cherkovi ortidagi qoramtir asfalt ko‘cha bo‘ylab borib, qishloqni, Kontreskarp maydonidagi avtobus bekatini chetlab o‘tdi-yu, Muftar degan tosh ko‘chaga chiqib oldi. Ko‘chaning ikkala tomonidagi barlarning derazalaridan, hali ham ochiq do‘konlarning vitrinalaridan yorug‘ tushib turardi. Biz alohida-alohida o‘tirgandik, mashina o‘ydim-chuqur ko‘chadan o‘tayotganida bir-birimizga suyanib qoldik. Bret shlyapasini yechdi. Boshini suyanchiqqa qo‘ydi. Vitrinalardan tushayotgan yorug‘likda uning yuziga ko‘zim tushdi, keyin De-Gobelen xiyoboniga yetganimizda yuzini aniq ko‘rdim. Toshyo‘l qazib tashlangan bo‘lib, odamlar tramvay izida atsetilen gorelkasining yorug‘ida ishlayotgan edi. Bretning oppoqqina yuzi va bo‘ynidagi uzun chiziq gorelka yorug‘ida yaqqol ko‘rinib turardi. Yana qorong‘ilik qo‘yniga kirganimizda uni o‘pdim. Labimni labiga bosib so‘rdim, keyin esa u o‘girilib olib burchakka, mendan iloji boricha nariroqqa surilib oldi. Boshini quyi egdi.
– Menga tegma, – dedi u. – Iltimos, menga yopishma.
– Senga nima bo‘ldi?
– Ilojim yo‘q.
– Bret!
– Meni tinch qo‘y. O‘zing bilasan-ku. Ilojim yo‘q – tamom vassalom. Azizim, ahvolimni tushunsang-chi, axir!
– Meni sevmaysanmi?
– Sevmayman emish? Menga salgina tegib ketsang ham, butun a’zoyi-badanim bo‘shashib ketadi.
– Nahotki hech narsa qilib bo‘lmasa?
Endi u qomatini rostlab o‘tirardi. Uni quchoqlagan edim, Bret bag‘rimga kirib ketdi. Biz endi butunlay xotirjam o‘tirdik. U ko‘zlarimga shunaqayam tikilib qaradiki, menga xuddi uning ko‘zlari o‘ziniki emasdek tuyilib ketdi. Bret xuddi bu olamda qarashga jur’at etolmaydigan hech nima bo‘lmagandek menga boqar, aslida esa hayotda ko‘p narsalardan qo‘rqardi.
– Sirayam hech nima qilib bo‘lmaydimi? – so‘radim men.
– Bilmayman, – dedi u. – Yana bir marta azoblanishni istamayman.
– Bunaqada uchrashmaganimiz ma’qul edi.
– Lekin seni ko‘rmasam, turolmayman. Axir gap bunda emas-ku!
– Yo‘q, oqibati hamma vaqt shunaqa bo‘ladi.
– Bunga o‘zim aybdorman. Axir qilmishlarimizning ajrini tortmayapmizmi?
U nuqul ko‘zimga tikilib gapirardi. Uning moviy ko‘zlari dam-badam o‘zgarib, ayrim paytlari xuddi qiyiq bo‘lib tuyilardi.
– Ularning hammasi mendan qanchalik aziyat chekkanini o‘ylasam, o‘zim qo‘rqib ketaman. Endi shularning azobini tortyapman.
– Bo‘lmagan gap, – dedim men. – Bundan tashqari, agar mening boshimdan kechirganlarim hisoblab chiqilsa, juda kulgili bo‘ladi-da. Men hech qachon bu haqda o‘ylamayman.
– Bo‘lmasa-chi. Bunga shubham yo‘q.
– Xo‘sh, endi bu mavzuga chek qo‘yaylik.
– O‘zim bir paytlari bunaqalarni mazax qilardim, – dedi u menga qaramay. – Akamning o‘rtog‘i Monsdan xuddi shunaqa bo‘lib qaytuvdi. Hamma shunchaki bir hazil, sho‘xlik, deb tushundi. Xom sut emgan banda dunyoning tagiga yetolmay ketarkan-da. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – dedim men. – Hech kim hech qachon hech nimani bilolmaydi.
Bir amallab bu mavzuga chek qo‘yganday bo‘ldim. Bir paytlari buni men hamma tomonlama o‘ylab ko‘rardim, kishidagi biror jismoniy kamchilik – xunuklik yoki majruhlik mazaxga sabab bo‘lishi, buning o‘sha kishi uchun esa hech qanday kulgili joyi yo‘qligi masalasini turli nuqtayi-nazardan fikrlab chiqardim.
– Bu qiziq narsa, – dedim men. – Bu juda g‘alati. Sevish-sevilish ham g‘oyatda g‘alati tuyg‘u.
– Rostdanmi? – uning ko‘zlari yana suzilib ketdi.
– Unaqa ma’nodagi g‘alati demoqchi emasman. Bu, bir jihatdan qaraganda, yoqimli tuyg‘u.
– Yo‘q, – dedi u. – Menimcha, do‘zax azobining o‘zginasi.
– Birga bo‘lish qanday yaxshi.
– Yo‘q. Menimcha, hech qanaqa yaxshi tomoni yo‘q.
– Nahotki men bilan uchrashib turishni istamasang?
– Seni ko‘rmasam turolmayman.
Endi biz xuddi begonalardek o‘tirardik. O‘ng tomonda Monsuri bog‘i. Xonbaliqlar suzib yurgan hovuzni, bog‘ni tomosha qilib o‘tirish mumkin bo‘lgan restoranning eshigi yopiq, chiroqlari o‘chgan ekan. Haydovchi menga o‘girilib qaradi.
– Qayoqqa boramiz? – so‘radim men. Bret ko‘zini olib qochdi.
– «Selekt» kafesiga boraqolaylik.
– «Selekt» kafesiga haydang, – dedim haydovchiga. – Monparnas xiyoboniga.
Biz Monruj tramvay yo‘lini qo‘riqlayotgan Belfor sherini aylanib o‘tib, yana olg‘a yurdik. Bret to‘g‘riga qarab o‘tirardi. Raspay xiyobonida Monparnas chiroqlari ko‘ringach, Bret dedi:
– Senga iltimosim bor edi. Faqat jahling chiqmaydi-a?
– Tentaklik qilma.
– Yetib qolmasimizdan meni yana bir o‘p.
Taksi to‘xtashi bilan men undan tushib, kira haqini to‘ladim. Bret yo‘l-yo‘lakay shlyapasini kiyib tushdi. U mashinaning zinasidan tushayotganda, qo‘limga tayanib oldi. Bretning qo‘li titrardi.
– Ko‘rinishim unchalikmasmi? – u o‘zining erkakcha, fetrdan shlyapasini ko‘ziga surib qo‘ydi-da, kafega kirdi. Peshtaxta yonida, stol atrofida boya densingda bo‘lgan ulfatlarning deyarli hammasi o‘tirar-di.
– Hello, do‘stlar! – dedi Bret. – O‘lgudek ichgim kelyapti.
– Bret! Bret! – o‘zini Gersog deb yurituvchi va hamma Zizi, deb chaqiradigan yoshgina portretchi grek uning yoniga yugurib keldi. – Sizga aytadigan ajoyib yangilik bor!
– Hello, Zizi, – dedi Bret.
– Sizni do‘stim bilan tanishtirib qo‘yaman, – dedi Zizi.
Semiz erkak yaqinlashdi.
– Graf Mippipopulo, bu mening do‘stim, – dedi Eshli.
– Salom, – dedi Bret.
– Qalay, miledi? Parijda vaqtingizni xushchaqchaq o‘tkazyapsizmi? – so‘radi soatining zanjirida burg‘uning qoziq tishi osilib turgan graf Mippipopulo.
– Yomon emas, – javob berdi Bret.
– Parij – go‘zal shahar, – dedi graf. – Ammo siz balki Londonda ham ko‘nglingizdagidek xushchaqchaqlik bilan yurolmasangiz kerak?
– Nimasini aytasiz. Vaqtimiz hayratda qoladigan darajada xushchaqchaq o‘tardi, – dedi Bret.
Breddoks meni o‘zining stoliga taklif qildi, – Berns, biz bilan ulfatchilik qiling, – dedi u. – Boyagi ayolingiz juda xunuk janjal ko‘tardi-da.
– Nimadan janjal chiqdi?
– Xo‘jayinning qizi u haqda bir nimalar debdi. Keyin bo‘ldi janjal, bo‘ldi janjal. Lekin Jorjet qoyil qilibdi. U sariq chiptasini chiqarib, qani o‘zingnikini ham ko‘rsat, deb talab qilibdi. Juda xunuk janjal bo‘ldi-da.
– Oqibati nima bo‘ldi?
– Kimdir uni olib ketdi. Ajoyib qiz ekan. Parijliklarga xos tilyog‘lamalikda ustasi farang bo‘lib ketibdi. O‘tiring, bir ryumkadan ichishaylik.
– Rahmat, uyga qaytishim kerak, – dedim men. – Konni ko‘rmadingizmi?
– Frensis bilan uyiga ketdi, – suhbatga qo‘shildi Breddoks xonim.
– Bechora, ko‘rinishidan judayam xafa edi, – dedi Breddoks.
– Ha, shunaqa edi, – tasdiqladi Breddoks xonim.
– Menga ijozat berasizlar, – dedim men. – Xayrli tun.
Bret bilan xayrlashgani peshtaxta yoniga bordim. Graf shampan buyurdi.
– Sizga bir stakan vino uzatishga ruxsat bering, janob, – dedi u.
– Yo‘q, tashakkur. Ketishim kerak.
– Rostdan ham ketmoqchimisiz? – so‘radi Bret.
– Ha, – dedim men. – Boshim qattiq og‘riyapti.
– Ertaga ko‘rishamizmi?
– Tahririyatga kelaqoling.
– Borolmasam kerak.
– Bo‘lmasa, qayerda?
– Biror joyda soat beshlarda uchrashaqolaylik.
– Unday bo‘lsa, narigi qirg‘oqda.
– Mayli. Soat beshda «Kriyon»da bo‘laman.
– Faqat aldamang-da, – dedim men.
– Xotirjam bo‘ling, – dedi Bret. – Nahotki sizni biror marta aldagan bo‘lsam?
– Maykldan xabar bormi?
– Bugun xat oldim.
– Xayrli tun, janob, – dedi graf.
Ko‘chaga chiqdim-da, hamon gavjum «Rotonda» kafesining yonidan o‘tib, Sen-Mishel xiyoboni tomon yurdim. Stollari butun yo‘lkani egallab olgan ro‘paradagi «Kupol» kafesiga nazar tashlagandim, kimdir qo‘lini silkib chaqirgandek bo‘ldi – kimligini bilolmay yo‘limda davom etdim. Monparnas xiyoboni kimsasiz edi. Lavin restorani allaqachon yopilgan, «Klozeri-de-Lill» oldidagi stollarni yig‘ishtirib olishyapti. Men yoysimon fonuslar yorug‘ida yashnab turgan kashtan barglari orasida qad rostlagan Ney haykali yonidan o‘tdim. Haykal poyiga to‘q-qizil gullari so‘liy boshlagan chambar tirkab qo‘yilibdi. To‘xtab tasmadagi «bonapartchilar guruhidan» yozuvini o‘qidim, gulchambar qo‘yilgan kun yozib qo‘yilgan – qaysi kunligi esimda yo‘q. Arg‘uvonning yam-yashil barglari orasida qilichini o‘ynatib turgan sovut-dubulg‘ali kiyimdagi marshal Ney savlat to‘kib turardi. Men xuddi uning ro‘parasida, Sen-Mishel xiyobonining boshida yashardim.
Xizmatchi ayolning xonasida chiroq yonib turgan ekan, eshigini taqillatuvdim, u xat-xabarlarni olib chiqib berdi. Unga xayrli tun tilab, yuqoriga ko‘tarildim. Ikkita xat va bir qancha gazeta kelibdi. Xatlar Amerikadan ekan. Ulardan biri bankning hisob-kitob qog‘ozi edi. Bankda qolgan mablag‘ 2432 dollar-u 60 sentga teng ekan. Men chek daftarchamni olib, shu oyning boshidan beri ko‘chirilgan to‘rtta chekdagi mablag‘ni chegirib tashladim-da, qoldig‘i 1832 dollar-u 60 sent ekanini hisoblab chiqdim. Uni xatning orqa tomoniga yozib qo‘ydim. Ikkinchi konvertda nikoh haqidagi xabarnoma bor edi. Janobi Aloizius Kirbi bilan uning xotini qizlari Ketrinning nikohini ma’lum qilishibdi. Men na bu qizni va na u turmushga chiqayotgan yigitni bilardim. Aftidan, ular shunday xabarnomani butun shaharga tarqatgan bo‘lishsa kerak. Ismi kulgili. Agar Aloizius ismli biror odamni taniganimda ham uni yodimda saqlashimga ishonchim komil edi. Xabarnomada tamg‘a bor ekan. Xuddi grek gersogi Ziziniki kabi. Grafniki ham. Graf juda kulgili. Bretda ham unvon bor. Ledi Eshli. Jin ursin, Bretni. Sizni jin ursin, ledi Eshli!
Oshxonadagi gazni o‘chirib, karavot yonidagi chiroqni yoqdim-da, yotoqxona derazasini lang ochib yubordim. Karavot derazadan ancha berida bo‘lgani uchun ochiq deraza yoniga o‘tirib yechina boshladim. Bozorga sabzavot tashiydigan tungi poyezd tramvay izi bo‘ylab o‘tib ketdi. Bu poyezdlar tunda, uyqung o‘chib ketganda, ayniqsa gursillab yuradi. Yechinayotib karavot yonidagi kiyim-kechak shkafining oynasiga qaradim. Mebellar fransuz uslubida joylashtirilgan. Ehtimol, qulay bo‘lsa kerak. Pijamamni kiyib o‘ringa cho‘zildim. Boya keltirilgan ikkita sport jurnalining ustidagi qog‘oz va tasmasini olib tashladim. Biri to‘q sariq rangda. Ikkinchisi – sariq. Ikkalasida ham bir xil xabar bo‘ladi, shuning uchun ham birinchisini o‘qiganingdan keyin ikkinchisini o‘qiging kelmaydi. «Le-Toril» jurnali yaxshiroq, o‘shandan boshladim. Boshidan oxirigacha, tahririyatga maktublardan tortib to hazil-topishmoqqacha o‘qib chiqdim. Keyin chiroqni o‘chirdim. Uxlab qolsam, ajab emas.
Fikrlarim ishga tushib ketdi. Eski alam iztirobga solardi. Ha, orqa-o‘ngingga qaramay qochish paytida bunaqa jarohatlanish g‘irt ahmoqona ish edi, yana italyancha xufiyona frontda. Italiya gospitalida biz uyushma tashkil etmoqchi bo‘ldik. Uning italyancha nomi kulgili jaranglardi. Qiziq, boshqalar ning, italyanlarning holi nima kechdiykin? Bu Milanda, Ponte korpusining Bosh gospitalida bo‘lgandi. Yonginamizda Zonde korpusi joylashgandi. Gospitalning ro‘parasida Pontening haykali o‘rnatilgandi, balki Zondenikidir. O‘sha polkovnik gospitalga kelib meni ko‘ruvdi. Kulgili bo‘lgandi. O‘shanda daf’atan kulgili bo‘lgandi-da. Hamma yog‘im bintga o‘rab tashlangandi. Ammo unga men haqimda gapirib berishibdi. Shunda u o‘zining ajib nutqini so‘zlagandi: «Siz chet ellik – ingliz bo‘lishingizga qaramay (barcha chet elliklarni inglizlar deb atashardi), hayotingizdan ham ko‘ra ortiqroq narsani baxshida etdingiz!» Ajoyib nutq. Uni nurlanib turadigan harflar bilan yozib, tahririyatga ilib qo‘ysa arzirdi. U hazil-pazilsiz jiddiy gapirgandi. Aftidan, polkovnik o‘zini mening o‘rnimda tasavvur qilgan bo‘lsa kerak. Nuqul: «Che mala fortuna! Che mala fortuna!»3 – derdi.
Men aslida, ilgari bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagandim. Hozir ham unga shunchaki munosabatda bo‘lib, tevarak-atrofdagilar tinchini buzmaslikka harakat qilaman. Aftidan, meni Angliyaga jo‘natishganda, Bret bilan uchrashib qolmaganimda bu menga hecham xalaqit bermagan bo‘lardi. Menimcha, Bret ilojsiz narsani istab qolgandi. Odamlar hamma vaqt shunaqa. Jin ursin, odamlarni. Katolik cherkovi bunday paytda yordam berishga usta. Nima ham derdim, yaxshi maslahat. Bu haqda o‘ylamaslik kerak.
Ajoyib maslahat. Bunga amal qilib ko‘r-chi. Qani, bir urinib ko‘r.
Ko‘zimga uyqu qo‘nmay, o‘ylab yotibman-u, xayollarim dam u narsaga, dam bu narsaga sakrab o‘tadi. Keyin bu haqdagi fikrlarimni ortiq quvolmay, Bret haqida o‘ylay boshladim, boshqa hamma narsa xotiramdan yiroqlashib ketdi. Bret haqida o‘ylarkanman, xayollarim endi dam u narsaga, dam bu narsaga sakrashni bas qilib, xuddi yengil to‘lqinda suzib ketayotgandek tuyildi. Shu payt kutilmaganda yig‘lab yubordim. Keyin biroz yengil tortdim-da, ko‘chadan o‘tayotgan og‘ir vagonlarning taraqa-turuqiga quloq solib yotib uxlab qolibman.