bannerbanner
Champo otli ilon
Champo otli ilon

Полная версия

Champo otli ilon

Язык: uz
Год издания: 2023
Добавлена:
Настройки чтения
Размер шрифта
Высота строк
Поля
На страницу:
4 из 7

Oxiri toqatim toq bo‘ldi. Yotolmadim. Nima qilsam ekan-a? Oy tog‘ orqasiga o‘tib ketgan. Osmon to‘la yulduz biri olib, biri qo‘yib yaraqlashadi. Oqtoshning ovozi naq osmon gumbaziga urilib qaytayotgandek.

Bir ko‘nglim Oqtoshlab chaqiray dedim. Yarim kechada-ya? Shundog‘am namozga azon chaqirsam ba’zilarga yoqmayman-ku. Fikrimdan qaytdim. Ovoz bersam, qo‘shnilar it meniki ekanini bilib qolishadi. Qayerdanam og‘rimagan boshimga Oqtoshni orttirib oldim?!

Yodimga bolaligim tushdi. Karim aka deganlari bo‘lardi. Kolxozning poliziga qorovullik qilardi. Iti zanjirini uzib ketsa: “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” derdi-da, chiyillatib bitta hushtak chalardi. Hushtagi tugamasdan iti oldida paydo bo‘lib qolardi. Meniyam shundan bo‘lak ilojim qolmadi. “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” dedim-da, hushtak chalvordim. Tavakkalda. Voybo‘-o‘… O‘zimning hushtagimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Xuddi osmondan bomba tushib kelayotgandek chiyillab ketdi-da, o‘ziyam.

Poliz qorovuli Karim aka baloni bilar ekan. Hushtak ish berdi. Oqtoshning uni o‘chib, saldayoq shatir-shutir qilib yetib keldi. Hushtagimni taniganini ayting. Bo‘lmasa, yaqin yigirma-o‘ttiz yil orasida hushtak chalganimni eslolmayman. Buning ustiga Oqtosh hushtagimga o‘rganmagan. Bu it meni savdoyi qilib qo‘ymasa edi.

– Bor, kir uyingga, yot! – dedim jahl bilan. Keyin chiqib ketmasin deb omonat eshikni yopib qo‘ydim. Olam tinchidi-qoldi. Lekin qani endi uyqu kelsa…

Jinlar

Sal ko‘zim ilingan ekan. Yana itning akillashidan uyg‘onib ketdim. Tong yorishib borardi. Sal bo‘lmasa, bomdodni qazo qilar ekanman. So‘ridan shoshib tushsam, sim devorning narigi yog‘ida shipdek bo‘lib Boymurod aka turibdi. Sim devorning bu yog‘ida Oqtosh. Naq “bu yoqqa kirsang g‘ajiyman”deb irillaydi. Men Boymurod akaga namozimni o‘qib olay ishorasini qildim. U kishi tushunib, nari ketdi. Oqtosh tinchidi.

Bomdodni o‘qib bo‘lganimdan keyin saldayoq kunbotar tarafdagi cho‘qqilarning uchi olovlandi. Bu yerda men quyoshning chiqayotganini yoki botayotganini qarama-qarshi tomondagi tog‘larning cho‘qqilaridan bilib olaman. Bo‘lmasa, ikki tog‘ oralig‘ida bomdodni boy berib, shomni erta o‘qib qo‘yish mumkin.

Xotirjam bo‘lib olgach, Boymurod akani izlab qoldim. Sahar mardondan nimaga kelibdiykin? Biron ishi bormikin? Bir hisobda yaxshi bo‘ldi kelgani. Bo‘lmasa, g‘aflat bosib bomdodni boy berar ekanman. Aslida Boymurod akani turg‘azib, Oqtoshni akillatib meni bomdodga uyg‘otgan ham Ollohning o‘zi-ku!

Tashqariga chiqib, Boymurod akani izlay boshladim. Hov naridagi tut tagida cho‘nqayib o‘tirgan ekan. Ko‘rib yonimga keldi. Xotirjamgina qo‘l olib so‘rashdik. Men u kishiga tinchlikmi, degandek qaradim. Nimagadir judayam horg‘in ko‘rinardi. Uyqudan turgan odamga ham o‘xshamaydi. Chigitdek ko‘zlari kirtayib ketibdi. Sezdimki bir joyi og‘riyapti. Hoynahoy, qornidir. Kechasi bilan “uzun borib, uzun kelganga” o‘xshaydi, bechora. Oshqozonida yarasi bor-da bu kishini. Bu dardniyam podachilikda orttirib olgan. Tog‘-u toshlarda ochin-to‘qin qolib shunday bo‘lgan. Podachi o‘z qornini o‘ylasa, podasi och qoladi. Shunisiga chidaganlar podachilik qiladi. Podachi zoti borki, yo o‘pkadan ketadi, yo qorindan. Bular Boymurod akaning gaplari. Bir amallab it yog‘i bilan o‘pkani asrab qolgan ekan. Qorni esa chatoq. Shundan ketib qolamanmi, deb qo‘rqib yuradi, bechora.

– Qorin bezovta qilyaptimi, – dedim achinib, – dori beraymi?

– Ha, yo‘-o‘… – dedi qo‘l siltab. – Endi doriga ishim qomaydi…

– Nimaga unday deysiz, oshqozon turibdimi?

– Turibdi, turmay qaqqayam borardi. Erman gullab qoldi. Shu desangiz tirnog‘dagini damlab ichsam bo‘ldi. Sen ko‘r, men ko‘r bo‘p yurovraman. O‘zi quritib, ancha-munchasini g‘amlab qo‘yuvdim, onangni emmagur kalamusham o‘ch bo‘ladi-da, o‘shanga. Erman – ming dardga davo derman deb bekorga aytganmi?

– Saharlab kelganingizga yana qorni og‘rib qoptimi debman-da.

Boymurod aka eshigim tagiga terib qo‘yilgan toshlarga qarab “o‘tiraylik” degandek ishora qildi. Sezdimki, maslahatli ishi bor. Qizlariga sovchi kelyapti deb eshituvdim. Bilaman, yoshlar nima bo‘lgandayam to‘ylarida nomdorroq xonanda bo‘lishini xohlashadi. Xotini o‘lib, o‘nta bolaning tashvishi shu chigitdekkina odamning yelkasida qolgan.

– Ertalabki uyquni mazza qilib olayotgan ekansiz, uyg‘otvordim-a mulla, – dedi Boymurod aka o‘zini aybdor sanab.

– Qaytaga yaxshi bo‘ldi, savobbi tagida qoldingiz, bomdodga ulgurib qoldim. Oqtosh qurg‘ur kechasi bilan akillab uyqi bermadi hisob.

– Barini bilib turdim, – dedi Boymurod aka horg‘in jilmayib, – ammo-lekin xo‘b ish qildingiz-da. Itingizni vaqtida chaqirib oldingiz. Bo‘lmasa, ketuvdi qulog‘ini ushlab. Iziniyam topolmasdingiz.

Bundan chiqdi Boymurod akayam uxlolmapti-da. Hushtagimni eshitgan bo‘lsa. Ajabo, itimni yarim kechada kim olib ketishi mumkin. Nahotki bu yerdayam…

– It o‘g‘rilari bor deng?

– Anakka, – dedi Boymurod aka ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib. U kishi “ana xolos!” deya olmay, nuqul “anakka” der edi. – Sizzi hech narsadan xabaringiz yo‘qmi hali?

– Nimadan? – Boymurod akadagi hayajon menga ham o‘tdi. – Kechasi biron gap bo‘ldimi?

– Jinlar yomonam bazm qildi-ki! Hay… hay…

Jinlar?.. Qanaqa bazm? Shunisi yetmay turuvdi. Nima deyishimniyam bilmay talmovsirayman.

– Shu desangiz, mulla, bizzi qishloqda bir domla buva bo‘lguvchi edi. Qaytish qilgan. Xudo rahmat qilsin. Mendan oldin dachaylada qorovul bo‘lgan yigitti otasi. O‘sha odammi avliyo deyishardi, o‘lay agar avliyoligi rost ekan. Buni men shu kechasi bildim. Qarang, shundoq avliyo odam o‘tib ketibdi-ya, g‘aplatta qoppiz-a. Keling, o‘sha kishiga atab bitta Qur’on o‘qivoring.

Boymurod akaga jin tegibdi deb achinib ketdim. Gaplariyam biri bog‘dan, biri tog‘dan. Itdan gap ochib qo‘yib, jinga o‘tib ketdi. Endi domla buvani eslab qoldi. Qur’on o‘qing deyaptimi, albatta, o‘qish kerak. O‘qidim… Boymurod aka some bo‘lib o‘tirdi. Duoga qo‘l ochdik. Allohning oyatidan yetajak savobni shu yaqin oradan o‘tganlarga, xususan domla buvaga yo‘lladik.

– Ana endi yaxshi bo‘ldi, – dedi Boymurod aka xuddi domla buva oldidagi qarzini uzgandek. – Shu desangiz… Boymurod aka gapiravuraymi degandek menga bir qarab qo‘ydi. Men u kishiga hamon xavotir bilan qarab turardim. – Rahmatlik hovlida it boqmanglar, boqsaylaram nariroqda, chorbog‘dan beri kelmasin, – deb tayinlardilar. – Qarang, iti bor hovliga farishta kirmasakan. Bir kuni domla buvaga uchrab, axir men cho‘pon bo‘lsam, itsiz ishim bitmasa, tog‘da bo‘rilar ko‘p dedim. Rahmatlik juda ziyrak kishi edilar. Darrovda tushundilar.

– Boymurod, sen boqsang bo‘ladi. Podachiga, ovchiga it zarur. Bunga yo‘l bor. Agarda oq it bo‘lsa yanayam yaxshi dedilar.

– Uvvalo oq it qidiraman, qani topsam. Jonivorning har qanaqa xilidan bor deng. Ola-bula, kulrang, malla… Oqi yo‘q-da! Bor-e, yo‘g‘ni yo‘ndiramanmi deb duch kelgan it bilan podachilik qilib yurovurdim. Biroq, yurtchilik ekanda, yana oq itga ishimiz tushib qoldi. O‘shanda sizzikidaqa oq it topilmadi-da, topilgandami, eh attang mulla Do‘smat o‘lmasmidi, boyaqish.

– Nima bo‘lgan edi o‘zi? – so‘radim sabrim chidamay.

– Jin tekkandi mulla Do‘smatga, jin. Domla buva o‘qib bir amallab olib qolgan edilar. Keyingisida bo‘lmadi, obqololmadilar. Kuchlari yetmadi. Ha yetmay qoldi. Mulla Do‘smat uch kungacha og‘zidan ko‘pik sochib, alahlab-alahlab jon berdi bechora. Qurib ketgur jinlar shu bilan tinchirmikin desak, tinchimadi. Bitta odamning boshini yedig-u yetar, deyishmadi. Navbat mulla Do‘smatning xotiniga keldi. Nima qilishini bilmaydi, bechora. Yashovray desa hali o‘zi, hali u bolasi, bu bolasi shaytonlab qolyapti. Bosh olib ketay desa, boradigan joyi yo‘q. Hovlini sotay desa birov olmaydi. Jin tekkan hovli kimgayam kerak deysiz. Kattalarga arz qilib ko‘rdi, bo‘lmadi. Xudosizlik zamoni edi-da, jinlarga ishonishmasdi. Do‘xtirlar bolalarini ukol qilib, onasining qo‘liga xapdorilar berishdi. Domla buva oq it topib hovlidagi yong‘oq tagiga bog‘lab qo‘yishni buyurdilar. Qani o‘sha oq it? Yerdayam yo‘q, ko‘kdayam. Mulla Do‘smatning xotini tarafdan urug‘i topilib qolib, Sirdaryamiey, ishqilib o‘sha yoqlarga obketib qoldi. Keyin desangiz tepadagi tog‘ “qars” etib yorildi-yu, – deya Boymurod aka ro‘paraga ishora qildi. – Birakayiga hammamizni tinchimiz buzilib qoldi. Tog‘ suriladi deb bizni daryani naryog‘iga ko‘chirvorishdi. Bu joylar qirq yil yotdi tashlandiq bo‘lib. Qirq yil-a! Keyin sizlarga dacha qilib berishdi-da, mulla…

– E-e-e-e, – hayratim oshib o‘rnimdan turib ketdim, – gap shu joylar haqida borayotibdimi e yashang-e, gapni teskarisidan boshlab, esniyam teskari qivoray dedingiz. Sal bo‘lmasa sizzi … hay mayli… Bu, mulla Do‘smat deganning uyi qayerda edi? Bilsa bo‘ladimi?

– Ja, bo‘latta, – deya Boymurod aka halidan beri tizzasiga qo‘ndirib o‘tirgan do‘ppisini qo‘liga olib o‘rnidan turdi va qibla tomonga yuzlandi, – hov anovi yong‘oqni ko‘ryapsizmi, o‘sha joy-da.

Boymurod aka ko‘rsatayotgan yong‘oq daraxti mendan bir tomorqa narida – o‘rtada Berdirahmatning hovlisi bor edi. Yong‘oq juda tarvaqaylab o‘sgan, qadimgiligi shundog‘am sezilib turardi.

– O‘sha yong‘oq haliyam turibdi deng, – deyman daraxtni ko‘rib turgan bo‘lsam ham.

– Turadi-da. Turmay qayoqqa boradi. Yildan-yilga ayqirib, semirib yotibdi. Kesishga yurak borakanmi? Xudosizlaram unga bolta urolmagan. Bo‘lmasa o‘tindan boshqaga yaramaydi. Mag‘izi yopishqoq.

Men bu gaplarga ishonishniyam-ishonmaslikniyam bilmay, hayron edim. Shundog‘am har go‘shasi sirli ko‘rinadigan bu joylar ko‘z oldimda yanayam sirli tus olmoqda edi.

– Endi, – dedi Boymurod aka salmoqlanib, – jindan qo‘rqmasayam bo‘ladi. – Shunday deb u menga xursand jilmaydi. Etsiz yuzlarida, peshanasida chiziqchalar paydo bo‘ldi. Mittigina ko‘zlari yosh bolanikidek yiltiradi.

– Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Boymurod akaga yana shubha aralash qaradim. Xayolimda u kishi tun bo‘yi jinlar bilan maishat qilib o‘tirgan-u jinlarni aldab-suldab, otang yaxshi, onang yaxshi deb yelkalariga qoqib, bog‘hovlimizdan chiqarib yuborgan.

– Mulla deyman, – dedi Boymurod aka menga ziyrak ko‘z tashlab, – sizzi rostdanam hech narsadan xabaringiz yo‘qqa o‘xshaydi-a?

Men yelka qisdim.

– E, omon bo‘ling, bilsangiz itingiz jinlarni haydab chiqardi, ha, voybo‘-o‘-y… Jinlar-chi, sizga aytsam, oldin yong‘oqni tagiga olovni gurullatishib, undan keyin ey gumba-ka-gum, gum-baka-gumlab eze-e-eb o‘yinga tushib ketishdi…

Boymurod aka qo‘lini orqasiga qilib, yer suzgandek goh o‘ngga, goh chapga tashlab jinlarning o‘yinini ko‘rsata boshladi. Sal o‘zimni chetga oldim.

– Shu payt, – deya qaddini rostladi Boymurod aka, itingiz iskalanib, yong‘oq tagiga borib qoldi-yu, voh, voh, voh… Akillab jinlarni shundoq to‘zg‘itdiki…

– It sizga akillagandir, – dedim Boymurod akaga astoydil rahmim kelib.

– He-ey, mulla-ey, menga qandoq akillaydi, men hov tepada, vagonda bo‘lsam. Jinlar bu yoqda, yong‘oq tagida bo‘lsa…

– Shunga hayron bo‘lyapman-da, siz qayoqda-yu yong‘oq qayoqda. Qanday qilib siz jinlar yoqqan olovni, yana shox tashlab raqsga tushganlarini ko‘rasiz?

– E, u yog‘ini qo‘yovring, o‘zimam hayronman. Hamma gap itingiz baraka topkurda… Jinlar itingizdan qo‘rqib to‘zg‘ib ketishdi. Qo‘tir buloqqa qarab yo‘l solishdi. It demagan orqalaridan quvib akillab borovurdi… Oh, it endi asfalasofilinga ketti dedim o‘zimcha. Jinlar hiyla qilisharkan-da, mulla. Dushmanini orqasidan ergashtire-eb borisharkan-da, birorta chuqur o‘ragami, jargami tushirvorisharkan. Xayriyat, vaqtida hushtak chalib, itingizni chaqirib oldingiz. Men bo‘lsam hammasini ko‘rib, bilib turib hushtak chaldingiz deb o‘ylabman.

– Yo‘-o‘q, – dedim bosh chayqab, – Oqtoshning ovozidan uyg‘onib ketdim, keyin qo‘shnilarning joniga tegmasin deb, chaqirvoldim. Bor gap shu!

– Xudo uyg‘otgan-da sizzi, Xudo.

– Albatta, – dedim, – Xudo kechqurun o‘ldiradi, erta bilan yana tiriltiradi. Uyqiyam o‘lgandek gap. Bari Xudodan…

Boymurod akani bir kechada savdoyi bo‘p qopti deb o‘ylasam… o‘zimam bir vaqtlar Boymurod akaning holiga tushganim yodimga tushdi. Talabalik yillari edi. Qo‘qonga praktikaga borgandik. Og‘aynim Mirvohid bilan yotoqxonada turgimiz kelmadi. Qo‘qonning mashhur G‘ishtli masjid deb nom chiqargan choyxonasida ovqatlanib o‘tirib, choyxonachidan ijaraga uy topib berishini iltimos qildik. Choyxonachi bizga boshdan-oyoq qarab oldi-da, ko‘rinishimiz ma’qul kelib qoldimi “kechga tomon bir xabar olinglar”, dedi.

G‘ishtli masjidning hovlisi yozgi choyxonaga aylantirilgan, xonaqolariga kutubxona, qiroatxonalar ko‘chib kelgan edi. Biz kutubxonashunoslik fakultetining talabalari bo‘lganimiz uchun ham xonalarni miriqib tomosha qilgan edik.

Mirvohid ikkimiz kelishilgan vaqtda samovarchiga ro‘baro‘ bo‘ldik. Samovarchiyam ishlaridan bo‘shab, bizni kutib o‘tirgan ekan. U kishi bizni G‘ishtli masjidning shundoqqina orqa tarafidagi torgina yo‘lakka boshladi. Yo‘lak oxirida bir tabaqali eshik ko‘zga tashlanardi. Ijaraning shundoq ajoyib joydan topilganiga quvonib ketdik. Hovli torgina bo‘lib, uniyam bitta daraxt-u va bitta so‘ri egallab turardi. O‘ng tarafda bir uy dahlizi bilan, ro‘parada yana bir xona ko‘rinardi. Ichkarida temir karavotlar. Ma’lum bo‘ldiki, bu yer choyxonachining mehmonxonasi. Boshqa odam qo‘ymaslik sharti bilan bir oyga kelishdik. Choyxonachi har kuni tushlik paytida sho‘rvaning yog‘liq joyidan suzib, dastyor boladan kiritib turishga va’da berdi. Lekin ijara haqini oldindan qurtdek sanab oldi.

Biz boshqa kursdoshlarimiz nazarida, birimiz yozuvchi, birimiz shoirmiz. Ijodkorga tinchlik kerak-da. Yotoqxona degani – kirdi-chiqdi, vag‘ir-vug‘ur joy. Kursdoshlarimizam bir-ikki kelib so‘rida o‘tirib, miriqib ketishdi.

Bir kuni yonimizdagi guzarchaga birov bir tog‘ora doroyi uzum olib chiqibdi. Qo‘qonda qizil chilgi uzumdanam oldin pishadigan shunaqa uzum bor ekan. Rangi qandaydir oqish, ko‘kimtir. Ko‘ksultonga o‘xshab ketadi. Mevasi maydaroq, tig‘iz. Ta’mi shirin, oq tutning mazasini beradi. Karsildoq. Lekin yangi bo‘lgani uchun narxi osmonda. Talabaning cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘nglim sust ketib turganini ko‘rgan Mirvohid:

– Men Yakkatutga ketdim, ertalabki nonushtaga jizzali non, bir savat doroyi, qaymoq yetkazib kelaman, – deb qoldi.

Mirvohidning Yakkatutda xolasi, xolasi bilan yashaydigan opasi bor edi, kelgandan beri boraman deb yurgan edi. Bahona topilib qoldi. Mirvohidni avtobusga kuzatib, uyga qaytdim. Qulfni ochib, hovliga kirsam qo‘shni qiz o‘rtadagi tuynukdan o‘tib, hovliga suv sepib, supurib yuribdi. U har kuni biz kelguncha hammayoqni chinnidek qilib qo‘yardi. Toshkentga o‘qishga borsa yordam berishimizga o‘ziyam, ota-onasiyam umid qilardi. U o‘ninchini bitirayotgan edi. Bizning kursdosh qizlarimiz bilan allaqachon apoq-chapoq bo‘lib ketgan, hammamizni uyiga mehmongayam taklif qilgan edi. Bizni akasidek ko‘rar, o‘zi durkungina ko‘ringani bilan qiliqlari g‘irt bolacha edi. Har kuni o‘rtoqlarining nomini aytib she’r yozdirib olardi. Mirvohid bilan o‘z holimizcha xayol suribmi, kitob o‘qibmi o‘tirsak, sezdirmay kelardi-da, “vah” deb qo‘rqitgan bo‘lar, kutilmaganda suv sepib qochardi. Biz undan ba’zida bezor ham bo‘lib ketardik. Onasiga devor osha shikoyat ham qilardik. Onasi bo‘lsa u yoqdan: “Ayb o‘zlaringda, popoch, popoch qilib boshlaringga chiqarvoldilaring, ayamasdan bir-ikki jonini achitinglar, esi kirib qoladi”, derdi. Keyin orqasidan qo‘shib qo‘yardi: “Hoy, qiz o‘lgur, bu yoqqa qara, bunaqada seni o‘qishga yuborib bo‘pman, erga bervoraman”. “To‘g‘ri qilasiz, xola”, deb biz ham bu yoqdan tasdiqlardik.

Popoch hovliga yolg‘iz kirganimni ko‘rdi-yu:

– Mirvoit akam qanila? – deb so‘radi.

– Yakkatutga ketdi. Popochga doroyi uzum obkelaman dedi.

– Qachon obkeladi?

– O‘zi hozir ketdi-ku, gapini qaranglar, ertaga nonushtaga obkeladi. Choy ichmay o‘tir, xo‘pmi?

– Ey, – dedi qiz, uzumga hushim yo‘q deganday. Keyin oldiga tushgan bir o‘rim sochini orqasiga tashlab, supurgiga tayangancha menga angrayib qaradi.

– Bir o‘ziz yotassimi?

– Nima qipti, ajina chaladimi?

– Qo‘rqmissimi?

– Nimadan qo‘rqay?

– Ajinadan.

– Ajina bo‘lsa senchalik bo‘latta, Popoch.

– Hali shunaqami, – deya Popoch tushmagur supurgini teskari ushlab quvib qoldi. Hovliga qandoq kirgan bo‘lsam, shundoq ko‘chaga qochib chiqdim-da, darvozaga qulf solib, aylanib kelgani ketdim. Popoch supurgini dastasi bilan darvozani urganicha qoldi. Biz turgan hovlining orqasidan o‘tgan tor ko‘chaning narigi beti katta qabriston edi. Bir-biriga tutash qurilgan katta-kichik hovlilarni qabristondan shu ko‘cha ajratib turardi. Ba’zan Mirvohid o‘zicha falsafa so‘qirdi: “Tasavvur qiling azizim, devorning narigi yog‘ida, bir dahlizcha joyda minglab odamlar qalashib yotibdi, biz bo‘lsak shuncha joyda ikki kishi xonlardek yashayapmiz. Qiziq-a?!”

Men qabriston yoqalab ancha joygacha borib keldim. Buzilgan, nurab tushgan sag‘analarni ko‘rib, Mirvohidning gapini esladim. “Bu dunyo tiriklarniki ekan-da, o‘lgandan keyin, xuddi o‘rilgan xashakdek qabristonga g‘aramlashaverar ekan… Qulayroq joy topib “Qulhu Ollohu ahad”ni o‘qiyman. Savobini shu joyda yotganlarga bag‘ishlayman.

Bu orada quyosh botib, issiqning tafti ketib, Qo‘qon shamoli esib qolgan edi.

Yotoqxonaga borib, kursdoshlar bilan ancha vaqtgacha gurunglashib, “uyim”ga qaytdim. Oy to‘lgan, qadim shahar tomlarini, ko‘chalarini sutdek yoritar edi. Karavotim xona darchasiga taqab qo‘yilgan, darcha qanotlari tashqariga ochilar edi. Xonada qandaydir zax hidi bor, darichalarni ertadan kechgacha ochib qo‘yganimiz uchun rutubat kundan-kun ko‘tarilib borardi. Men uyga kirganimda oy nuri qabriston tarafdan tushib, hovlining yarmini yoritib turar, uning shu’lasi xonaga ham yoyilardi. Shuning uchun chiroq yoqib o‘tirmadim. Chiroq yoqsam iskaptoparlarning dastidan uxlab bo‘lmaydi. Ertalabgacha olishib chiqadi odam. Popochlarning hovlisiyam haligacha g‘ala-g‘ovur. Otasi qassob, do‘konini kech yopadi.

Yotibman-u qotibman. Tushumdami, o‘ngimdami bilmayman isib ketdimmi ishqilib ustimdagi choyshabni nari surmoqchi bo‘ldim. Ammo nimagadir qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmas, qimirlata olmasdim. Xayolimda yelkam aralash birov meni bosib turardi. Azbaroyi uyquning shirinligidan ko‘zim ochilmas, miyamning allaqaysi hujayralari g‘ira-shira ishlab, kim bo‘ldi ekan degan o‘ylarga borar edi. Kallamga kelgani Popoch bo‘ldi. Voy shumtaka-ey, kunduzi qo‘rqmissimi deb bekorga so‘ramagan ekan-da. Yengiltak, shayton qiz deyman-da, sal o‘zimga kelib ko‘zimni ochaman. Ammo… e-e-e… hayratdan qotib qolaman. Meni qimirlatmay qo‘ygan Popoch emas, boshqa… ha boshqa qiz edi. Voybo‘-o‘… uni! Odam ham shunaqa chiroyli bo‘ladimi? Esim og‘ib qoldi. Biz talabalar shu paytgacha besh ketib o‘zimizcha hur deb yurgan qizlarning birortasiga o‘xshamas edi. To‘g‘rirog‘i, ularning husni-jamolini bir qilganda uning birgina g‘amzasiga alishib bo‘lmas edi. Oy nurlari uning sutdek oppoq yuzini, taralgandek uzun-uzun kipriklarini, chaqnab turgan ehtirosli ko‘zlarini yoritib turardi. Ajabo, oymoma deraza tarafga qachon o‘tib ulgurdi ekan? Qizning ko‘zlari qo‘lga tushdingmi sen yigit degandek tobora ayyorona suzilar, jilmayganda tishlari sadafdek yarqirardi. Sochlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib, uyning qorong‘uligiga qo‘shilib ketgan edi. Uning qarashlarida senga yomonligim yo‘q, ey yigit degan bir ishoralar bor edi-yu, ammo kulib turib yer parchin qilib meni ezardi. Ko‘krak qafasim qisilib, nafasim og‘zimga tiqila boshladi. Qiz ukpardek yengil ko‘ringani bilan unda qandaydir yovuz, yovvoyi kuch bor edi. Ana shu kuch o‘zining kimligini menga sezdirib qo‘ydi. Ko‘zimni chirt yumdim-da, bilgan suralarimni takror va takror o‘qiyverdim. Sezib turibman ustimdagi “yuk” asta-sekin yengillasha boshladi. Yengillashgan hamonoq uxlab qolibman. Bir mahal childirma ovozi-yu g‘alati qiyqiriqlardan uyg‘onib ketdim. Oymoma hamon derazamdan nari ketmagan, shu yaqin atrofda to‘y bo‘lardi chog‘i. Hayron bo‘lib soatimni oy nuriga tutib ko‘raman. Uchdan oshibdi… Qo‘qonda to‘ylar kech boshlanib, tongotar tugar ekan-da deb, uyquli ko‘zlarimni yumaman… Bir ko‘nglim chiqsam-chi, Qo‘qonning to‘ylari qanaqa bo‘larikin, ko‘rsam-chi deyman. Uyqu zo‘r keladi…

Erta bilan uyqudan tiniqib uyg‘onsam, tungi voqealar shundoq ko‘z oldimda turibdi.

Biz olov yoqib, samovar qo‘yib, choy qaynatmasdik. Choynakka quruq choy solib choyxonadan dog‘suv burab kela qolardik. Erinsak Popochdan iltimos qilardik. Ularnikida ertadan kechgacha samovar jig‘illab yotardi. Qarasam, Mirvohiddan darak yo‘q. Qotgan-qutgan non bilan tamaddi qilib bo‘lsayam, praktikaga borishim, Mirvohid uchun ham bir bahona topishim kerak edi. Choyxonadan dog‘suv burab kelishimga Mirvohid opasi bilan kelib qoldi. So‘riga joy qildik. Dasturxon shohona bo‘p ketdi. Qo‘shni hovlida qassob tog‘aning gurillagan ovozini eshitib, choyga taklif qildik. Tog‘a yo‘q demadi. Tuynukdan yonlamachasiga o‘tib keldi. Ko‘rinishdan juda polvon odam edi. Popoch otasiga tortgan edi.

Oling-oling bilan choy ichar ekanmiz, qassob tog‘aga gap qotdim:

– Qo‘qonning to‘ylari tongotar bo‘larkan-a, qassob tog‘a?

– Qattagi to‘yga bora qoldingiz, jiyan? – dedi pishillab.

– Shetta bo‘ldi-yu…

– Shetta? Him… – deb kuldi qassob.

– Shu yaqin-atrofda-da, ertametangacha gumbir-gumbir to‘xtamadi-ku, eshitmadingizmi?

Qassob tog‘a non chaynashdan to‘xtab, ko‘zlarini lo‘q qilib menga qaradi-da, eshitmadim degandek boshini sarak-sarak qildi.

– Tushunarli, – dedim men kulib, – kecha ko‘payib ketibdi-da, a?

– Vohidjon, yaqinroq o‘tiribsiz, og‘aynizzi peshanasini ushlab ko‘ring-chi, isitmasi yo‘qmi? – deb qalin qoshlarini uchirib kuldi qassob tog‘a.

Mirvohid kaftini peshanamga bosdi-da:

– Joyida-yu, – deya xandon otib kuldi.

– Tavba, – dedi qassob tog‘a taajjubda, – mahallada to‘y bo‘larkan-u, mensiz o‘tarkanmi, naq ko‘chirtirvorarman. Hovlida jinlar bazm qilgandir, – dedi pinagini buzmay.

– Voy, tog‘a, unaqa demang qo‘rqaman, – dedi Mirvohidning opasi ko‘zlari alang-jalang bo‘lib.

Men tunda bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir, oqizmay-tomizmay gapira boshladim. Mirvohid bilan opasi nonushtayam eslaridan chiqib angrayib o‘tirishar, qassob tog‘agina beparvo, hali piyozli nonni qaymoqqa bulab urar, hali doroyini g‘ujumlab og‘ziga tashlar edi.

Tungi sarguzashtlarim tugagach, Mirvohidning opasi kapalagi uchib, “bu gaplarga nima deysiz”, degandek qassob tog‘aga qaradi.

Qassob tog‘a sovub qolgan bir piyola choyni og‘ziga ag‘dardi-da, naq supradek kaftlari bilan lab-lunjini artib dedi:

– Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, degan ekan mashoyihlar. Bu uyni ijaraga olayotganda sal o‘ylamadilaringmi olim yigitchalar. Nimaga shunday uy egasiz huvillab yotibdi deb. Yana shaharning qoq o‘rtasida-ya. He… Bu hovlida ko‘p ishlar bo‘lgan sizlarga aytsam. Ha, yomon bo‘lgan, yomon. Oldingi egasini qora buqa bo‘lib suzib o‘ldirgan. Xotini arzon-garovga issig‘ida pulladi-da, bola-chaqasini olib, jo‘nab qoldi. Keyingi sotib olgan odamni qora mushuk bo‘lib bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bola-chaqasi sotolmay ketib qutuldi. Choyxonachi u yoq-bu yog‘iga qarab, bir kun, yarim kunga musofirlarni qo‘yib foydalanib turadi. Siz yigitni Xudoga yoqqan joyingiz bor ekan yo palagingiz toza… hartugul sizga hurqiz bo‘lib ko‘rinibdi…

Dasturxonga fotiha o‘qilgach, Mirvohidning opasi shoshib qoldi:

– Tur uka, tezroq chiqib ketaylik bu yerdan. Gap shu, endi betta yotmaysan, tamom.

Shunday qilib ko‘rpa-to‘shagimizni orqalab yotoqxonaga qaytib ketdik…

Shularni o‘ylab, Boymurod akaning sarguzashtlarini o‘zimcha tushungan bo‘laman va so‘rayman:

– Nima deysiz, Boymurod aka, jinlar yana o‘rdasiga qaytishadimi, yo‘qmi?

– Kemaydi, – dedi u kishi qat’iy ohangda, – ular siz bilan mendan ko‘ra mardroq bo‘lishadi. Quvilgan joylariga qaytib kelishmaydi. Buniyam rahmatlik domla buva aytganlar.

Shunday qilib bog‘hovliga qilgan bu galgi safarim kutilmaganda ajoyib va g‘aroyibotlarga boy bo‘ldi. Yakshanba kuni kechga qarab qolgan-qutgan yeguliklarni Oqtoshning idishiga ag‘dardim-da, omonat eshigimning tagidan it sig‘adigan joy qoldirib, poyezdga shoshdim. Boshqa qo‘shnilarim ham otlanib yo‘lga chiqishgan, uzun-qisqa bo‘lib oldinda borishardi. Ro‘paramdan kelayotgan mashina guvillab yonimdan o‘tdi-yu orqamdan itning hurib, mashinaga tashlanganini eshitdim. Qayrilib qarasam, Oqtosh!

Orqamdan quvib kelyapti. Bo‘lmasa, “sen aqlli it ekansan, shu hovlidan chiqma” deb necha marta uqtirgan, Oqtosh gaplarimga jimgina quloq solib qolgan edi. “Qayt orqangga” deya jo‘rttaga ko‘zlarimni ola-kula qilib, po‘pisa qildim. “He o‘rgildim, sendaqa aqlli itdan, esing bo‘lsa kelib-kelib mashinaga tashlanasanmi? Temir-ku bu. Nahotki, joni bor bilan joni yo‘qni bilmasang!” Qayda, gaplarimga parvoyam qilmadi. Qaytaga o‘ynoqlab, erkalanib oldinga tushib oldi. Shu nasihatni haddan oshirvordimov. Buning ustiga Oqtosh o‘tgan har bir mashinaga hurib, tashlanishni qo‘ymasdi. Unga sari Oqtoshni ajal haydab keldiyov, deya xavotirga tushaman. Boymurod aka ko‘rsaydi buning ahmoqona qiliqlarini. Bu it hali orqamdan vagongayam chiqib, sharmanda qilmasaydi. O‘zi vagonda it olib yurganlarni jinim suymaydi. O‘tirishga joy bo‘lmaydi-yu, eshshakdek-eshshakdek itlarini cho‘ziltirib oyog‘ing tagiga yotqizib qo‘yishadi. “O‘zing-ku toqqa sayr-sayohatga chiqibsan, itingga balo bormi”, deb g‘udranardim.

На страницу:
4 из 7