
Полная версия
Oltin yurakli Avtobola
Bekxo‘ja zargar velosiped g‘ildiraklari orasiga o‘rnatilgan biqqi kreslosida xona to‘rrog‘idagi elektr o‘choqqa yuzlangan ko‘yi isinib o‘tirardi. Hatto eshik yopilgandan keyin ham miq etmadi.
– Salom berdik, xo‘jayin, – poygakda to‘xtalib, atayin baland ovozda gapirdi Ko‘rshapalak.
Kresloning bo‘ychan suyanchig‘i ortidan arvohlarnikiga o‘xshash o‘sha tiniq tovush eshitildi:
– Qulog‘im senda, Ko‘rshapalak. Professorning qalb sandig‘idan biron narsa o‘mardingmi?
Ko‘rshapalak stolga yaqin borib, qo‘lidagi xaltani ichimlik to‘latilgan grafinning yoniga qo‘ydi.
– Keragidan ko‘proq eplashtirganga o‘xshaymiz, xo‘jayin.
Zargar g‘ildiraklarni qo‘li bilan harakatga keltirib, stol tarafga o‘girildi, Ko‘rshapalakka muloyim nigoh tashlab, qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirishga ishora qildi.
– Rostini aytsam, azizginam, bu sandiqqa sendagi kalitlar tushmasmikin deb qo‘rqqandim, – dedi u mamnun qiyofada.
Ko‘rshapalak xaltani ochib, radio muxbirining reportyorini eslatuvchi g‘ilofli magnitofonni oldi.
– Mahmadanaroq bir yigitim bor, – magnitofonni sozlayotib, izoh berdi Ko‘rshapalak. – Radiodan yuborilgan muxbirman deb, professorni rosa vaysatibdi.
Bekxo‘janing istarasiga raxna solib turuvchi qonsiz yuzida kuldirgich o‘ynadi.
– Ofarin, Ko‘rshapalak! Kamol Kamtariyning bebaho ma’ruzasini nihoyat tekinga tinglaydigan bo‘libmiz.
Ko‘rshapalak labiga sigaret qistirib tutatdi-da, magnitofon murvatini buradi. Dastavval soxta muxbirning sayroqi ovozi eshitildi.
MUXBIR: Muhtaram ustoz, keyingi maqolalaringizdan birida qandaydir avtoodam yasayotganingizga shama qilib o‘tgandingiz. Qisqa vaqt ichida radio shinavandalaridan yuzlab xat oldik – avtoodamga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Agar sir bo‘lmasa, shu ixtiro haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.
PROFESSOR: Avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, bu temirtan fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola xolos. Uning mustaqil fikrlay olish qobiliyati birmuncha chegaralangan, unga muntazam ravishda yo‘l-yo‘riqlar berib turishga to‘g‘ri keladi.
MUXBIR: Radiotinglovchilarimizni temirtanning asosiy xususiyatlari ko‘proq qiziqtiryapti.
PROFESSOR: Barcha toifadagi kishilarga birdek tushunarli bo‘lishi uchun bu haqda soddaroq qilib gapira qolay. Avtobolani yasar ekanman, inson organizmidan iloji boricha aniq nusxa ko‘chirishga harakat qildim. Uning kalla qismiga joylashtirilgan mikrosxema tuzilish jihatidan odamzodning miya to‘qimasiga judayam o‘xshab ketadi. Bu to‘qima sharofati bilan u ko‘radi, eshitadi, gapiradi, idrok etadi, aniq maqsadga bo‘ysungan holda harakat qiladi… Charchaydi ham. Shu tufayli, maxsus tugmachani bosib, uni kamida olti-yetti soat uyquga yotqizish lozim bo‘ladi. Aks holda, uning miya to‘qimasi uzog‘i bilan o‘ttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkin.
MUXBIR: Uyqusizlikka kelganda, Avtobola o‘t o‘chiruvchilardan chidamliroq ko‘rinadi.
PROFESSOR: Juda o‘rinli hazil… Gapda davom etadigan bo‘lsak, xuddi biz bilan sizdagi kabi Avtobolada ham yurak-qon tomir tizimi bor. Faqat uning tomirlaridan qon o‘rniga elektr zaryadi oqadi. Pozitron miyadan tinimsiz ravishda kelib turadigan signallar buyrug‘iga itoat etuvchi bu tizim o‘ta mustahkam, ayni paytda, nihoyatda elastik gavda va bag‘oyat sezgir paylarga ega bo‘lgan Avtobolaning eng nozik ishni ham bejirim uddalay olishini ta’minlaydi. Masalan, u piyolaga limmolim to‘ldirilgan suvning biron tomchisini to‘kmay egasiga olib borishi, bozordan narsalar xarid qilib kelishi mumkin. Faqat uni o‘n besh puddan ortiq yuk ko‘tarishga majbur qilmasangiz bas.
MUXBIR: Tasanno deyish kerak! Bolasi tushmagur durustgina pahlavon ekan.
PROFESSOR: Buning ustiga, yuguroq ham. Qaysi joyda qanday tezlikda yurgan ma’qulligini, sharoitga qarab, Avtobolaning o‘zi tanlaydi. Eng tiqilinch joylarda ham u hech kimga xalaqit bermay yura oladi. Lekin qulay imkoniyat tug‘ildi deguncha, agar shoshilish juda zarur bo‘lsa, hatto sirtlonni dog‘da qoldiradi. Uning maksimal tezligi soatiga bir yuz yetmish kilometr.
MUXBIR: O, naqadar g‘aroyib tilsimot! Ishonchimiz komilki, payti kelib, hamshaharlarimiz bu noyob bolakayni bozor yoki xiyobonda uchratish sharafiga muyassar bo‘lishadi. Hurmatli professor, balki o‘sha kun yaqindir?
PROFESSOR: Unchalar uzoq emas. Avtobola deyarli tayyor. «Yettinchi sayyora» firmasiga berilgan buyurtmamning bajarilishini kutib turibman. Bu firma uzoq yillarga chidamli bo‘lgan oltin g‘ilofli akkumulator, ya’ni oltin yurakni yasab bersayoq, Avtobolamiz oyoqqa turadi. Keyin, pedagogchasiga aytganda, unga kundalik muomalada kerak bo‘ladigan so‘zlarni yodlatish, ongiga insoniy xulq-atvorni singdirish qoladi xolos…
Ko‘rshapalak magnitofonni o‘chirib, sigaret tutunini erkatoylarcha shipga pufladi.
– Tadbirkorlikda tenging yo‘q, azizginam! – sigaret tutunidan ko‘ngli behuzur bo‘layotganligini sezdirmaslikka tirishib, burnini siypalaganicha maqtov yog‘dirdi Zargar. – Demak, oltin yurakcha bitsayoq…
– Akkumulator bir haftada tayyor bo‘ladi, – xo‘jayinning gapini bo‘ldi Ko‘rshapalak. – Muxbirim «Yettinchi sayyora» firmasigayam borib, qalbaki reportaj yozdi. Muxbirlik guvohnomasini o‘zim yasab berdim.
Bekxo‘ja xizmatchisiga qoniqish bilan ko‘z qadadi. Qo‘l ostidagi yugurdaklari o‘sha takabbur professorni ham, firmadagi «kallador zot»larni ham boplab laqillatishgani va nihoyat badbo‘y sigaretning kuldonga ezg‘ilanayotgani uning diliga bab-baravar huzur bag‘ishladi.
– Amir Temurning qarorgohida o‘tiribman-u, gap Damashqni ship-shiydam etish ustida ketyapti deb faraz qil. Demoqchimanki, bu ishga jiddiy qarab, pishiq reja tuzvolishimiz kerak.
Ko‘rshapalak shunday gap bo‘lishini oldindan bilgan shekilli, ortiqcha mulohaza qilib o‘tirmay, darhol fikr bildirishga kirishdi:
– Muxbirimni «Yettinchi sayyora»ga bejiz yuborganim yo‘q, – dedi u. – Avtobola bilan akkumulatorni bir vaqtda, lekin alohida-alohida o‘g‘irlagan ma’qul. Shunaqa qilmasak, professor bolaning tarbiyasini buzib qo‘yishiyam mumkin. To‘g‘rimi?
Bekxo‘ja asta bosh irg‘adi:
– Muso alayhissalomdek bexato karomat qilyapsan, Ko‘rshapalak. Gapiraver.
Fikri xo‘jayinga ma’qul tushayotganidan taltaygan Ko‘rshapalak o‘zini yanada erkin tutib, qo‘ynidan yarqiroq pichog‘ini sug‘urdi-da, shisha likopdagi olmalardan birini olib, archa boshladi.
– Akkumulatorning qayerdaligi aniq, – endi ancha bosiqlik bilan gapirdi u. – O‘sha narsa qachon tayyor bo‘lishiniyam bilamiz. Bu ishni yigitlarim mensiz ham boplashadi. Avtobolani o‘zimga qo‘yib berasiz.
Ko‘rshapalak so‘qir chap ko‘zini qisganicha ishtiyoq bilan olma archishda davom etarkan, lablarini chapillatib, Bekxo‘jaga suzilib boqdi. Chamasi, uning gapi tugagan edi.
– Menga qolsa, kuchni aksincha taqsimlardim, – yoqut ko‘zli uzuk chaqnab turgan barmog‘ini Ko‘rshapalakka niqtadi Bekxo‘ja. – Bu dunyoparast odamlar ikki pudli temir boladan ko‘ra ikki gramm oltinni hushyorroq qo‘riqlashadi.
Ko‘rshapalak olmaning bo‘lagini pichoq uchiga ilib, ishtaha bilan lunjiga tiqarkan, grafinga suqlanib qarab qo‘ydi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.




