Полная версия
Allamjonov aybdor
Ochigʻi, qoʻrqib ketdim. Oʻzimni ikki kattakon kitning oʻrtasida majaqlanib, ovozi chiqmaydigan mayda baliqchadek his qildim. Parpiyevning bir xislati bor edi, hech qachon hech nimani esidan chiqarmasdi. Aytgan ishi qilinyaptimi, yoʻqmi – har soatda tekshirib turardi. Har soʻraganida «Ishlayapmiz», deyman, lekin aslida hech narsa qilinmayotgan edi.
Yana qabuliga kirishga majbur boʻldim.
– Botir Rahmatovich, kitobni vaqtida topshira olmayman. Erkin Fayziyevich urishib, kabinetidan haydab soldi. Bekorchi ish bilan shugʻullanma, dedi. Nima qilay?
Generalning yomon jahli chiqqani koʻrinib turardi. Lekin menga indamadi, gapni choʻzmadi, «Boraver» – deb qoʻydi.
Dushanba kuni majlis. Oʻzi shundoq ham har dushanba boʻladigan majlislarni koʻrgani koʻzim yoʻq, bu safargisi ayniqsa ortiqchalik qilayotgan edi. Kamiga oʻsha kuni kechasi deyarli uxlamaganman, zoʻrgʻa koʻzimni ochib, ishga uchib yetib keldim, apil-tapil formamni kiydim. Majlis aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish mumkin emas.
Lanj boʻlib oʻtiribman, koʻzlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qoʻmita raisining gaplari qulogʻimga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida oʻrinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini soʻraydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib gʻoyani puchga chiqaradi.
Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning koʻzi moshday ochildi.
– Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb oʻylayapsizmi? Nima topshirsam, «yoʻq» deysiz! Takliflarimni yoʻqqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga toʻsqinlik qilyapsiz!
Rais jahl bilan oʻrnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qoʻlidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning oʻtakasi yorilib, zal jimjit boʻlib qoldi.
– Mana, Allamjonovni olaylik! – vazir zalga qarab, meni topdi. Oʻtirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. – Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?
– Men unaqa demadim, unaqa deganim yoʻq… – oʻzini oqlamoqchi boʻldi Gadoyev. Uning qattiq qoʻrqib ketgani bilinib turardi.
Parpiyev koʻzoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo boʻldi.
Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir koʻz tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», – dedi. Yigʻilganlar jimgina tarqala boshladi.
Keyin u mening yonimga keldi.
– Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?
Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:
– Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?
Men jonimni qutqarish uchun, joyida ogʻzimga kelgan bahonani toʻqidim:
– Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich soʻraganiga aytdim-da… Sizni «Kitob toʻrt kunda oʻxshamasa-chi», – deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…
Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.
Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi oʻrinbosar boʻlmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. Oʻrinbosar boʻlib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qoʻmitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan boʻldi.
Uning oʻrniga hozirgi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.
Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta oʻylab yoki toʻsatdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.
Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini oʻzi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», – deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan oʻtgandek boʻlardik. Rais yordamchilari boʻlimlar uchun alohida savollar tayyorlab qoʻyishardi. Bu boʻlim rahbarlarini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda koʻtariladigan masalalar boʻyicha oldindan maʼlumot toʻplab berilar, minbarga chiqqan xodim koʻpincha qaltis ahvolga tushar edi. Boʻlim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zoʻr yoʻlni oʻylab topishdi. Dilshod Toʻraxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qoʻymang», – deb iltimos qiladigan boʻlishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, koʻpincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan boʻldim. General meni ayab oʻtirmas edi. Kotibiyat boshligʻi Dilshod Toʻraxonov meni oʻlguday yomon koʻrib qolgan, har safar oyogʻimdan chalishga harakat qilardi.
Oxiri bu ahvol jonimga tegdi. Nima, Soliq qoʻmitasida mendan boshqa masala qurib qolganmi? Men jadval tuzib, unga hamma boʻlimlarni, hatto kanselyariyani ham kiritdim. Roʻyxatga qoʻshilmagan faqat qorovul qoldi. Bu hujjatni Parpiyevga olib kirib, oxirgi paytlari majlislar bir qolipda oʻtayotganini aytdim. «Hamma navbati bilan hisobot bersin, har bir boʻlim oʻzining ishini matbuotda yoritsin», – dedim. U rozi boʻlib, jadvalni imzoladi.
Endi meni minbarga chiqarishsa, topshiriqlarni kimlar bajarmayotganini shartta aytadigan boʻldim. Muhtaram hamkasblarim ogʻzimni yopish uchun meni ham «Toʻraxonovning roʻyxati»ga kiritib qoʻyishibdi. Oʻrtaga pul tashlashgan boʻlishsa kerak.
Qisqasi, qilgan ishim uchun taʼzirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir toʻqib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bemaʼni bahona oʻylab topishdiki, hozir aniq nima gap boʻlganini eslolmayman ham. Toʻqqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana poʻstagimni qoqdi. Men esa oʻzimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.
Chiroyli ketmoqchi boʻldim. Oradan toʻqqiz yil oʻtgan boʻlsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim.
oldiga kelib, gaplashib olmoqchi ekanimni bildirdim.– Mayli, kelsin, – debdi Botir Rahmatovich.
Ertasi kuni Parpiyevning oldiga kirib, oʻzimning biznesimni boshlash uchun ketmoqchiligimni aytdim.
– Xafa boʻldingmi?
– Yoʻgʻ-e, nega unaqa deysiz? Nimaga xafa boʻlishim kerak?
– Xafa boʻlibsan… – dedi general. – Koʻrib turibman-ku. Mayli, arizangni yoz. Omadingni bersin.
Men ketdim, lekin intizomga oʻrgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan haligacha minnatdorman. U menga doim zarbaga tayyor boʻlib, uni qaytarishni, eng asosiysi, iloji yoʻq narsaning oʻzi yoʻqligini oʻrgatdi. Xohlasak, hamma narsaga erisha olarkanmiz. Bunday olganda, u meni rostdan ham oʻz jiyanidek tarbiyaladi.
Shunday odamning «jiyani» degan yuksak nomga dogʻ tushirmadim, deb oʻylayman.
Men oʻz biznesimni boshlab, birinchi millionimni ishlab topdim. Bolaligimdan pul topishga harakat qilardim. Afsus, rejalarim doim ham oʻxshayvermasdi.
1 MTRK – Milliy teleradiokompaniya.
2 «DAVR» – MTRK «Yoshlar» telekanalining axborot dasturlari tahririyati.
3 FVV – Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
4 Abdusaid Koʻchimov – oʻzbek jurnalisti, 1997-2005-yillarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi.
5 «Beruniy» – Toshkent metropoliteni Oʻzbekiston yoʻnalishining oxirgi bekati.
6 Qoraqamish – Toshkentning Olmazor tumanidagi mavze.
7 ToshDU – Toshkent davlat universiteti. 2000-yil yanvardan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti.
8 Uzmetronom – Oʻzbekistondagi mustaqil sayt. 2020-yilning may oyigacha blokda boʻlgan.
9 «Jemchug» – Toshkent shahridagi mashhur «Jemchug» (marvarid) doʻkoni joylashgan, koʻpqavatli tajribaviy loyihalangan uy.
10 «Sharq» – nashriyot-matbaa konserni.
11 Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 2003-yil dekabrdan 2016-yil dekabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, 2016-yil 14-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.
12 Akademiya – Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasi.
III
Shakar, vanna, press, baklajka
Toʻqsoninchi yillar oilamiz boy boʻlmagan, lekin och ham qolmaganmiz. Onam doya, otam avtoslesar edi. Bolalar tugʻilavergan, mashinalar buzilavergan, ota-onam ishsiz qolmagan. Ularning eng katta orzusi farzandlariga yaxshi taʼlim berish boʻlgan. Shuning uchun oyim oʻqishimni oltinchi sinfdan ToshDU qoshidagi gimnaziyaga (keyinchalik akademik litseyga aylantirildi) oʻtkazgan. Hech kimga pul-mul bermagan. Oyim pora berish kerakligini bilmasdi ham.
Pul – ajoyib narsa! U menga doim zavq bergan. Oʻzi oldindan boshqalarga oʻxshab faqat oylikka koʻnib yashash niyatim yoʻq edi. Katta boʻlganimda koʻp pul topishimga, xohlagan narsamni sotib olishimga aniq ishonganman. Lekin bu kunlarni uzoq kutishga sabrim chidamasdi. Hoziroq boyib ketib, mahallamiz yoshlari havas qiladigan yangi «qahramonlarimiz» – magazinchilar, choyxona va makaron fabrikalarining xoʻjayinlari, popkorn sotuvchilarga oʻxshab yurgim kelardi. Hammasining tagida yangi mashina, oyogʻida krossovka, egnida zamonaviy sport kiyimi, jinsi shim – xullas, butun dunyoda ulardan zoʻri yoʻq.
Kommunistik mafkura puchga chiqqan paytlar. Qoʻni- qoʻshni orasida faqat biznes rejalar, tez va osongina boyib ketish yoʻllari haqida gap-soʻzlar yurardi. Biz oʻn uch ya-shar oʻsmirlar ham choʻntagimizda doim pul boʻlishini xohlardik. Koʻp tengdoshlarim oʻzi ishlab daromad topar, kimdir oilasiga yordam bersa, yana kimdir kichik orzulariga pul yigʻardi.
Mendan yollanma ishchi chiqmadi. Ammavachchamning joʻxori qalamchalari chiqaradigan sexida bir kun ishlab koʻrdim. Arzimagan pul uchun ertalabdan kechgacha ter toʻkib mehnat qilish menga emas ekan.
Vazifam nimadan iborat edi? Joʻxorini oldin «drobilka»ga, keyin maxsus apparatga solamiz. Joʻxori doni issiq havo bosimi ostida paqillab yorilib, qalamchaga aylanadi. Ish haqi tayyor mahsulotning kilosiga toʻlanadi. Bir uyum joʻxori qalamchasini chiqarib, kamida oʻn kilogramm boʻldi, deb oʻylaysan. Tortib koʻrsang, zoʻrgʻa yarim kilo chiqadi. Ish kuni oxirida ammavachcham pul oʻrniga qoʻlimga oʻzim tayyorlagan joʻxoridan tutqazdi. Uyga kelib, «ish haqim»ni stolga qoʻydim-u yechinmasdan, oʻzimni krovatga tappa tashladim. Ertalabgacha qotib uxlabman. Uygʻonganimda aniq bir qarorga keldim – men hech qachon yollanma ishchi boʻlmayman!
Gap ogʻir mehnatdan qochishda emas. Menga birovning choʻntagini toʻldirish uchun belni bukib, evaziga arzimagan chaqa topish yoqmadi. Bunaqa kapitalizmni hazm qila olmasdim. Biz litseyda oʻzimiz popkorn tayyorlab sotardik. Oʻzimiz uchun ishlardik, shunga mehnati malol kelmagan. Koʻpi kuygan, bemaza popkornimiz uncha yaxshi ketmasdi. Bu tadbirkorlik faoliyatimda birinchi saboq boʻlgan – mahsuloting sotilishini xohlasang, ishni sifatli qil!
Oʻn uch yoshimda qand qiroli boʻlishga qaror qildim. Oʻzimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor oʻrtoqlarim uchishga bermay qoʻyishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sangʻib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» – deb gapni qisqa qilishdi.
Biznes-reja bunday edi: bir qop shakar sotib olinadi, uni qandga aylantirib, ustiga pul qoʻyib sotiladi. Shakar bilan qandning narxi orasidagi farq – sof foyda.
Tayyor shakar sexini ijaraga oldim. «Sex» deganda koʻz oldingizga nima keldi bilmadim-u, ammo bu hech kim yashamaydigan tashlandiq bir uy edi. Undagi bor uskuna – tegirmon, press, fanera, vanna, isitkichli fen va bir yarim litrlik baklajka, xolos. Oldin shakar kukunga aylantiriladi. Keyin vannaga solib, ustidan bir yarim litr sovuq suv quyiladi. Kukun nam tortib, qorga oʻxshab gʻirchillab qolganda, pressdan chiqarilib, faner ustiga yoyiladi. Qand shakliga solinib, fenda quritiladi. Bir kecha-kunduzda bir qop shakar oldi-berdiga ishlatiladigan, toʻy-hashamda dasturxonga qoʻyiladigan shirinlikka aylanadi.
Otam koʻp magazinchilarning mashinasini tuzatardilar. Shu tanishlaridan mahsulotimni sotib berishni iltimos qildilar.
Bu sexda ishchi ham, farrosh ham, mol yetkazib beruvchi ham, direktor ham oʻzim edim. Sexni ijaraga olishdan oldin doʻstlarimga sherikchilikni taklif qildim, ular koʻnishmadi. Balki toʻgʻri qilishgandir. Ikki hafta oʻtgach, doʻkonlarda shakar koʻrinmay qoldi, keyin birdan narxi oshib ketdi. Qanddan tushadigan ozgina foyda ham yoʻq boʻldi. Shunday qilib, birinchi biznesim sindi. Qizigʻi shundaki, doʻstlarim moliyaviy krizisni oldindan koʻra bilgani uchun emas, ishyoqmasligi, harakatsizligi tufayli hamkorlikdan bosh tortishdi. Biz birga oʻsib katta boʻldik, lekin hozir jamiyatdagi oʻrnimiz orasida osmon bilan yercha farq bor.
Hamma ham boy-badavlat boʻlishi shart, demoqchi emasman. Baʼzilarga bu narsa kerak emas, ularning oʻz orzulari bor. Kimdir vrach, kimdir alpinist, uchuvchi, sayohatchi, jurnalist yoki yozuvchi boʻlishni orzu qilib, shu maqsadi bilan yashaydi. Hozirgi yoshlar orasida bundaylar borgan sari koʻpaymoqda. Pul ular uchun ortiqcha daxmaza. Lekin boyib ketaman degan odamga faqat orzu va bilimning oʻzi kamlik qiladi. Bunda ishchanlik, mehnatsevarlik judayam muhim. Agar ishga oʻzingni toʻliq bagʻishlay olmasang, yaxshisi boshlama. Biznes – dangasalar uchun emas!
Men erinchoq emasdim. Shunchaki, oʻsha vaqtdagi iqtisodiy vaziyatni deb omadim chopmadi va qand qiroli boʻlolmadim. Lekin pul topish yoʻlida harakat qilishdan hech qachon toʻxtamadim. Menga ishni yoʻlga qoʻyish, pulni nazorat qilish jarayonining oʻzi qiziq edi. Mabodo ishim yurishmay qolsa, gʻayratim yanayam oshib ketardi.
90-yillarni koʻrganlar fikrimga qoʻshiladi, deb oʻylayman. Mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyat juda qiziq boʻlgan. Foyda koʻrishga intilganlarni chayqovchi emas, tadbirkor deb atay boshlashgan, katta pul topish imkoni tugʻilgan edi. Dorixona, bilyardxona, sauna, tijorat doʻkonlari yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek urchib ketdi. Ana senga erkinlik!
Sinfdoshim bilan madaniyat saroyi binosida, konsertdan keyin.
Kommunistik mafkuraning oyogʻi osmondan boʻlib ketgandan keyin xalqni ergashtiradigan gʻoyaning oʻzi qolmadi. Ayni paytda diniy ekstremizmning taʼsiri kuchayib bordi. Soqol qoʻyganlar koʻpaydi, Karimov ularga qarshi tinimsiz kurashardi. Teraktlar, portlashlar avj olgan tahlikali davr edi. «Musaffo osmon» gʻoyasi davlat mafkurasiga aylandi. Urushsiz, tinch yashasak boʻldi, olam guliston! Ammo bu gʻoya juda boʻsh edi. Unda super boylarning paydo boʻlishi koʻzda tutilmagandi. Davlat rahbariyati boyvachchalar jamiyat osoyishtaligini buzishidan qoʻrqardi. Mayli, foyda koʻrsang koʻr, faqat ikki quloch tijorat doʻkonidan nariga oʻtma! Mashina ol, uy sol, topgan tillangni uch litrli bankada saqla, lekin oligarx boʻlaman deb xayolingga ham keltirma.
Shuning uchun korxona tashkil etish juda qiyin masala boʻlib, kerakli eshiklar kerakli odamlargagina ochilardi. Koʻpchilikni hoziroq, joyida daromad topish yoʻllari qiziqtirardi. Bugun pul tikasan, ertaga foyda koʻrasan. Bemalol bir ishni tashlab, osongina boshqasini yurgiza olishing kerak. Ildizi baquvvat, avloddan avlodga oʻtadigan biznes-imperiyalarni qurish uncha-muncha odamning rejasiga kirmagan. Yurtimizda egalarini super boy qilgan, uzoq muddatli, rosmana muvaffaqiyatli ishlab chiqarish obyektlari deyarli yoʻqligining sababi shunda.
1998-1999-yillar
Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan oʻqiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. Toʻgʻri, men u yerga porasiz, hech qanday qoʻngʻiroqsiz, oʻz bilimim bilan kirganman. Toʻgʻri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yoʻl qoʻymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi oʻqi. Seni «kontrakt»da oʻqitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», – degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining gʻildiragini teshib, oʻchimni olganman.
«Fun boys» guruhi konsertidan soʻng sinfdoshlarim davrasida.
Sinfdoshlarimning menga munosabati yomon emas edi. Ayniqsa, «Fun boys» guruhini tashkil qilib, konsert qoʻya boshlaganimizdan keyin yana ham yaqin boʻlib qoldik. Men loyiha rejissori edim. Tomoshalarimizda ustozlarning ustidan ham kulardik. Hammasining emas, albatta. Bizningcha, yaxshi oʻqita olmaydigan, zolim va poraxoʻr oʻqituvchilarni masxara qilardik.
«Ikki yarim» laqabli oʻqituvchimizni yaxshi eslayman. Uy vazifasini qanchalik yaxshi tayyorlab kelmaylik, ikki yarim baho qoʻyardi. Bunaqa bahoning oʻzi yoʻq-ku, oʻquvchilarni yerga urish uchun shuni oʻylab topgan. Konsertimizda «u» sahnaga chiqib olib: «Men fizika oʻqituvchisiman, ismim Muxtazar, mana qirq yildan beri erga tegolmayapman», – derdi.
Shunaqa. Hech kimni ayamas edik. Konsertdan keyin direktor meni xonasiga chaqirtirib, bunday «ssenariylar» uchun poʻstagimni qoqardi. Indamay boshimni egib turar, lekin konsertlarni toʻxtatmasdim.
Boshida chiptalar tekin edi. Keyin oʻylab qoldim. Biz dastur, har bitta sahna, musiqa ustida yotvolib ishlayotgan boʻlsak, tomoshabinlarga yoqayotgan boʻlsa, nima uchun konsert tekin boʻlishi kerak?
Tashkiliy ishlarga, chipta, afishalar tayyorlashga pul tikish kerak. Oyimning oldilariga keldim. Ular: «Adangdan soʻrab koʻr», – dedilar. Ammo men otamdan choʻchirdim, ayniqsa, bu pulni nimaga ishlatmoqchi ekanimni aytishga qoʻrqdim. Onam menga har doim ishonganlar. Yigʻib-tergan oʻn ming soʻmlarini qoʻlimga berdilar.
Chipta sotib oʻtirishni oʻrtoqlarimga topshirdim. Hech qaysisi pul soʻrab ota-onasini bezovta qilmadi. Bu tashkilotchining, yaʼni mening bosh ogʻrigʻim edi. Ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi.
Homiylar bilan ham oʻzim kelishdim. «Aylin» turk pechenyesi maktabimiz hisob raqamiga 25 ming oʻtkazdi. Maktab direktori shundan bir yarim ming soʻmni ovoz kuchaytirgich – usilitelga deb berdi. Qolgan pulni koʻrmadim. Direktor bizni chuv tushirdi.
Yana bir hamkorimiz «Radio-peydj»1 boʻldi. Konsertimiz haqida tekinga eʼlon berishdi. «Nestle» kompaniyasi esa oʻzini zontlarini oʻrnatib, stakanda kofe tarqatdi. Yana uch-toʻrtta homiyni koʻndirish uchun tijorat taklifi bilan butun shaharni aylanib chiqdim. Boshqa hech kim rozi boʻlmadi.
Ravshan Sobirov, Guli Tolipovaning menejerlariga, boshqa artistlarga ham qoʻngʻiroq qilib, konsertda chiqib berishlarini soʻradim. «Tomsuvoq»qa koʻndirdim.
Tabiiyki, mingta chipta sotolmadik, ikki yuztasi ketdi, xolos. Homiylarning oldida sharmanda boʻlmaslik uchun boʻsh joylarni mehmonlar bilan toʻldirdik. Mehribonlik uyi direktoriga iltimos qilib, tarbiyalanuvchilarini opkeltirdim.
Hamma yigʻildi. Ammo… birorta artist yoʻq. Qoʻngʻiroq qilaman, hech qaysisi javob bermaydi. Odamlar qarsak chala boshladi, oradan bir soat oʻtdi, bittasiyam kela qolmaydi.
Bir balo qilib, endigina tanilayotgan Davron Ergashevni topdik, konsertni shu boshlab berdi. Omadim chopib, tadbirni olib borishga professional boshlovchi ham chiqib qoldi. Keyin Otabek Madrahimovga oʻxshab ketadigan bir yigitni koʻrsatishdi. Chiroqlar oʻchirildi, maxsus effektlar yoqildi, yigitchani sahnaga chiqarib yubordik, fonogramma ostida «kuyladi».
Viktorina oʻtkazildi, «Nestle» kofelari tarqatildi. Xullas, prodyuser degan nomimni oqladim.
Faqat kimdir «Nestle» zontigini oʻmarib ketibdi. Oyimga qoʻngʻiroq qilib, shuniyam yetkazishdi. Oʻrniga oʻzlarining soyabonlarini koʻtarib kelibdilar. Yoʻqolgan zont egalari matohlari qanchayam dollar turishini aytishdi. Onam dollarda oldi-berdi qilib yurgan boʻlsalar ham mayli ekan.
Men «Nestle» direktoridan qarzimizdan kechishini yalinib soʻradim. Oʻshanda nega bizni kechirganini bilmayman. Koʻziga judayam ayanchli va rostgoʻy koʻringan boʻlsam kerak-da. Konsertdan tushgan foydani oʻrtogʻim va sherigim Sardor bilan sovurib yubordik. Eng zoʻr koʻzoynak, krossovkalar sotib olib, oʻzimizni xuddi ommaviy tadbirlar direktorlaridek tuta boshladik. Oyimga boʻlsa olgan oʻn mingimdan ming soʻmgina qaytardim, orttirganim shu boʻldi.
Baribir konsert chiroyli oʻtdi. Shu sakkiz yuz kishilik tadbirni oʻtkaza olganimiz ham bir omad, deb oʻylayman. Yaratganning qoʻllagani bu. Agar qoʻshiqchilar kelmaganida, bilmadim nima boʻlardi, sahnaga oʻzim chiqib ketarmidim…
Bizning yoshligimizda biznes qilish bir avantyura, gʻirt tavakkalchilik edi. Hozir boʻlajak tadbirkorlarga aniq, har tomonlama puxta biznes-reja tuzishni, pul bilan imkoniyatlarni chamalashni, bozor va raqobatchilar ishini tahlil qilishni oʻrgatishadi. U paytda esa biz ishni oldi-orqamizga qaramay boshlab yuborardik. Tayinli bir rejaning oʻzi boʻlmasdi. Xuddi eshkaksiz qayiqqa oʻtirib olib, oqim qaysi tomonga olib ketsa, manzilimiz shu ekan, deb ketayotgan sayohatchilarga oʻxshardik. Pul topish uchun nima qilish kerakligini keyinroq tushuna boshladim. «Soliq-info» loyihasi ana shunday paydo boʻldi.
1 «Radio Peydj Semurg» – peyjing kompaniyasi.
IV
Soliq-info
Karimov davrida hamma muharririni taniydigan, ismini biladigan yagona mustaqil sayt «Uzmetronom» edi. Biz har kuni proksi serverlar orqali kirib, Sergey Yejkovning «Tahririyatga xatlar» deb taqdim etadigan insayder yangiliklarini oʻqirdik. Ammo men oʻshandayoq bu maqolalarning soʻz erkinligiga umuman aloqasi yoʻqligi, shunchaki oʻch olish quroli ekanligini tushunganman.
Karimovning qabuliga kirmoqchi boʻlganlarga arzirli sabab kerak edi. Shuning uchun «Uzmetronom» xabarlarini qogʻozga chiqarib, «Matbuotda mana nimalar berilyapti…» degan bahona bilan kirishardi. «Matbuot» esa kimga buyurtma tushsa, oʻshaning ustidan magʻzava agʻdarardi. Mening familiyam bu saytning doimiy «bezagi» boʻlgan. Sergey Aleksandrovich qoʻygan har bir qadamim haqida maʼlumot berardi va xabarni chiroyli badiiy toʻqimalar bilan qorishtirishni boplardi. Maqolalarini qoyilmaqom qilib yozardi-yu, lekin faktlari ancha boʻsh boʻlardi. Gapi ishonarli chiqishi uchun oz-moz haqiqat ham aralashtirib qoʻyardi, albatta.
Meni «Parpiyevning jiyani»ga chiqargan va bor yutuqlarimni (buni koʻproq muvaffaqiyatsizlik degan boʻlardim) qarindosh-urugʻchilikka yoʻygan aynan shu odam boʻladi.
U «Soliq-info»ga majburiy obuna uyushtirilganini qoralab maqola yozgan va tagida shunday izoh qoldirgan edi: «Yurtimizda «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bor-ku, yana bitta gazetaga nima hojat?» Muallif faqat bir masalaga aniqlik kiritishni unutgandi. «SBX» – xususiy nashr. Bu gazeta ham u paytga kelib, xoʻjalik hisobiga oʻtgan «Pravda Vostoka», «Xalq soʻzi», «Postda» va boshqa barcha davlat nashrlari kabi majburiy obuna hisobiga kun koʻrardi. Respublikaning deyarli 99% nashri majburiy obuna orqali tarqatilardi. «Soliq-info» ulardan biri edi, xolos. Lekin hamma «olqishlar» faqat mening boshimga yogʻildi. Vaholanki, men qonunni buzmagandim. Qolgan nashrlarning egalari bir chekkada muloyimgina boʻlib turishdi. Oʻsha davrda holat bunday edi: senzura kuchli, soʻz erkinligi yoʻq, gazetalar oʻqishli emas, hech kim sotib olmaydi. Lekin barcha nashrlarning yopilib ketishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun davlat oʻzi bosh-qosh boʻlib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berardi.
Shaxsan men buni notoʻgʻri deb hisoblayman. Administratsiya rahbari oʻrinbosari qilib tayinlanishim bilan majburiy obunaga chek qoʻyish haqida buyruq berdim. Gazetalarga raqamli texnologiyalardan foydalanib, dijital marketingga oʻtishni va bozor iqtisodiyotiga moslashishni taklif etdim. «Soliq-info»ni ham yopdim.
2008-yil
«Soliq-info» oʻzi qanday paydo boʻldi? Parpiyev bir necha marta «SBX» gazetasining muassisi Mixail Markovich Perperga gazetani tuzukroq chiqarish, sifatli qogʻozda, ranglarini tiniq qilib chop etish kerakligini gapirgan. Haqiqatan, gazetaning qogʻozi oʻta arzon, koʻrinishi talabga javob bermasdi. Mixail Markovich har safar «xoʻp», deb, yana oʻz bilganini qilardi. DSQ raisiga yoqmagani uchungina gazetaning tannarxini oshirishdan maʼno yoʻq, deb hisoblar edi.